Toshkent viloyatida g‘o‘za agrotexnikasida yuzaga kelgan favqulodda holatni inobatga olgan holda joriy yil 5 iyuldan 25 avgustgacha “Dolzarb 50 kunlik” tadbirlari e’lon qilindi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi ishchi yig‘ilishda mazkur tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, har bir tumanda g‘o‘za parvarishidagi muammolarni chuqur o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida viloyat ko‘mak guruhlari tashkil etildi. Ular har bir tumanda kamida 3 kunlik kompleks o‘rganish ishlarini amalga oshiradi.
Har bir tumanda tashkil etilgan ko‘mak guruhlari faoliyati 7 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi. Bugundan boshlab barcha ishchi guruh a’zolari 50 kunlik tadbirlar davomida tumanlarga to‘liq safarbar qilinadi. Shuningdek, har bir fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi kompleksining rahbar va mutaxassislari nomma-nom biriktirilishi qat’iy belgilandi.

***
Prezidentimizning tegishli qarori asosida, Qibray tumanida “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan to‘liq rekonstruksiya qilingan “O‘zNIIJ” suv taqsimlash inshootining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ direktori o‘rinbosari, tuman hokimligi mutasaddilari, viloyat prokuraturasi mas’ullari, nuroniylar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Endi hududdagi “Shalola” va “May” MFYlarning 5 ming nafarga yaqin aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Fuqarolar avvalgidek kuniga 2 soatgina emas, balki uzluksiz ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.

***
Toshkent davlat agrar universitetining Ipakchilik kafedrasi professor-o‘qituvchilari Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliygohlaridan biri Anhui qishloq xo‘jaligi universiteti Molekulyar biologiya kafedrasi jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tomonlar darslik va ilmiy adabiyotlarni tarjima qilish, hammualliflikda maqolalar chop etish, shuningdek, Anhui provinsiyasidagi ipakchilik yo‘nalishida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan shaharchalarning tajribasini o‘rganish borasida kelishuvlarga erishdi. Tomonlar o‘z kafedralari faoliyati, ilmiy salohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil taqdimotlar o‘tkazdi. Mazkur kelishuvlar asosida amaliy hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi.

A.Musayev,O‘zA.