Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida Bekobod, Bo‘stonliq, Oqqo‘rg‘on va O‘rta Chirchiq tumanlaridagi 17 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylariga va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etildi.
Endilikda mazkur hujjat egalik huquqi uchun asos bo‘lib, kelgusida yashash joyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yish, meros va boshqa bir qator notarial harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Hozirda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining 200 dan ortiq xodimlari tomonidan reja-jadvalga muvofiq hududlarda xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungacha Toshkent viloyati bo‘yicha qariyb 45 ming ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi.


***
“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisining tegishli topshirig‘i bilan respublikaning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Xususan, Qibray tumanida “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi, O‘zenergoinspeksiya xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan reyd jarayonida qonunbuzarlik holati aniqlandi. “Zebiniso” MFYda joylashgan “M.S.B.” MCHJga qarashli binoda gazdan foydalanish holati ko‘zdan kechirilganda, iste’molchi loyiha-texnik hujjatlarisiz tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan rezina shlang orqali ulanib, “zangori yoqilg‘i”dan noqonuniy foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmi qayta hisob qilindi va 353 million 203 ming so‘m zarar aniqlandi. Noqonuniy holat bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

***
Toshkent tumanida tomorqadan samarali foydalanishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Administratsiyasi huzuridagi ishchi guruh vakillari, tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, hokim yordamchilari, agrar soha mutaxassislari, fermerlar hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Jarayonda agronomlar tomonidan pomidor, qalampir, kartoshka va poliz ekinlarini parvarishlash, organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Issiqxona qurish va undan daromad olish usullari haqida aytildi.
Seminarda bir necha namunali tomorqa loyihalari ko‘rsatildi va ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokamalar olib borildi.


A.Musayev, O‘zA.