Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:47 / 2025-06-18

“Yangiyo‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida  Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqotda tadbirkorlar 2025 yil 1 dekabrdan boshlab bojxona hududida va hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida deklaratsiyalarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beradigan “Tolling operatsiyalari” moduli amaliyotga joriy etilishi haqida ham ma’lumotga ega bo‘ldi. Shuningdek, yana bir muhim yangilik sifatida – endilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar, ularning ehtiyot va butlovchi qismlari hamda materiallarni majburiy muvofiqlik baholovisiz, ishlab chiqaruvchining kafolat xati (javobgarligi) asosida muomalaga chiqarishga ruxsat berilgani ma’lum qilindi.

***

Aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va ijobiy yechimini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatida ommaviy sayyor qabul o‘tkazmoqda.

Xususan, Olmaliq shahrida tashkil etilgan qabul davomida fuqarolarning turli masalalarga oid murojaatlari tegishli mutasaddilar tomonidan tinglanib, joyida hal etildi. Ayrim masalalar qo‘shimcha o‘rganish uchun tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

 Ichki ishlar organlariga oid murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashrapov tomonidan qabul qilindi. Fuqarolar tergov va surishtiruv jarayonlari, kadastr va pasport masalalari, IIOlariga o‘qishga va xizmatga kirish, yo‘l harakati xavfsizligi, probatsiya kabi yo‘nalishlarda o‘z murojaatlarini bildirdi.

Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

***

Yangiyo‘l shahri hamda Quyi Chirchiq tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari psixologlari tomonidan nogiron farzandi bor ota-onalarni ijtimoiy, huquqiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Sen kuchlisan” nomli dastur ishlab chiqildi.

Maqsad nogiron farzand tarbiyasidagi ota-onalarni jamiyatga faol qo‘shish, ularning ongida shakllangan salbiy qarashlardan xalos bo‘lishlariga ko‘maklashish, stressga bardoshlilik darajasini oshirish hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashdir.

Shu munosabat bilan Yangiyo‘l shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida psixologik trening tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘z hissiyotlarini boshqarish, ijtimoiy munosabatlarda faol bo‘lish, farzandi bilan sog‘lom psixologik aloqa o‘rnatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Ota-onalarning fikricha, bunday dasturlar ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

A.Musayev, O‘zA.