Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:39 / 2025-06-14

Yangiyo‘l tumanida g‘alla yig‘im-terim mavsumi qizg‘in pallaga kirdi. Mavsum boshlanishi bilan tumandagi 12 ta kombaynga 24 nafar haydovchi biriktirildi. Xirmonga hozirgacha 3 ming 600 tonna g‘alla topshirildi.

Albatta, bunday yutuqlarda otryad boshliqlari va mehnat fidoyisi bo‘lgan kombaynchilarning hissasi beqiyosdir. Yangiyo‘l tumani hokimi O.Ataullayev IIB rahbariyati bilan birgalikda dala maydonlarida bo‘lib, ilg‘or kombaynchilarga pul mukofotlarini topshirdi. Bu kabi moddiy va ma’naviy rag‘batlar mavsum davomida mehnat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

***

Yuqori Chirchiq tumanidagi umumta’lim maktablari bitiruvchilariga oltin va kumush medallar topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda hudud mas’ullari, ta’lim sohasi fidoyilari, ota-onalar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda umumta’lim maktablarini a’lo baholar bilan yakunlagan, namunaviy xulqi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan o‘quvchilar alohida e’tirof etildi. Ularga davlat mukofotlari – oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi.

Joriy o‘quv yilida tumandagi 41 ta umumta’lim maktabini jami 1 ming 867 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, ular orasidan 111 nafari oltin, 22 nafar o‘quvchi esa kumush medal bilan taqdirlandi.

***

Ohangaron tumanida “Dolzarb – 90 kun” doirasidagi navbatdagi harbiy-sport tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 10-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi yoshlari faol ishtirok etdi. 

Ochilish marosimida mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat hamda jasorat kabi tuyg‘ularni mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, tadbirning samarali tashkil etilishida yaqindan ko‘mak bergan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi va qator hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildirildi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar jismonan bardoshli ekanliklarini ko‘rsatdi. G‘olib jamoalarga Mudofaa vazirligining ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Musayev, O‘zA