Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimligi hamda Ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda Nurafshon shahri hududida “Qushlar uchun in”aksiyasi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda qushlarga 1000 dona inlar Nurafshon shahridagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, dam olish maskanlariga va shahar bo‘ylab o‘rnatib chiqildi.

***
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Ohangaron tuman bo‘limi hamkorligida “Men g‘olibman” shiori ostida uch kilometr masofada velomarafon musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ohangaronlik yoshlar, sportga qiziquvchi o‘smirlar va mahalliy aholi vakillari faol qatnashdi. Velomarafonni O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Umid Fayzullayev ochib, barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, ekologik toza transport turlari velosipeddan foydalanish madaniyatini shakllantirish va ekologik ongni yuksaltirishdan iboratdir.

Musobaqa yakunida g‘olib va faol qatnashchilar partiyaning maxsus diplomlari, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
***
Toshkent viloyatida joylashgan, “og‘ir” va “qizil” toifaga kiruvchi 300 ta mahallaga kichik quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi belgilandi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli qarori ham imzolandi.

Loyihaning dastlabki bosqichida Oqqo‘rg‘on tumanidagi Yoshlik, Zarbdor va Ertamg‘ali mahallalarida kooperatsiya asosida quvvati 180 kilovattdan 500 kilovattgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalar mahalliy aholining elektr ta’minotini yaxshilash bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga iqtisodiy tejamkorlikni ham ta’minlaydi.

Shu bilan birga, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Ohangaron va Piskent tumanlaridagi olis va infratuzilmasi sust rivojlangan 16 ta “qizil” toifadagi mahallalarni ham qamrab olmoqda. Loyiha doirasida umumiy hisobda 10 ming 435 ta xonadon energiya bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Shuningdek, 751 ta kambag‘al oilani ish bilan ta’minlash ham rejalashtirilgan.
A. Musayev, O‘zA.