Toshkent viloyatida 2025 yil hosilini o‘z vaqtida va nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun joylarda jami 230 dona g‘alla o‘rish kombaynlari shay holatga keltirildi. Shu munosabat bilan Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlarida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imini rejali tarzda tashkil etish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Toshkent viloyat hokimining o‘rinbosari X.Qoraboyev, Viloyat ichki ishlar boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Iminov, tuman hokimlari va “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Sadikov, hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi. Shuningdek, tadbirga Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Chinoz, Ohangaron, Yuqori Chirchiq, Qibray, Bo‘stonliq, Zangiota va Toshkent tumanlaridan mavsumga safarbar etilgan mutaxassislar ham jalb etildi.

Jarayonda joriy mavsumdagi g‘alla o‘rim-yig‘imini samarali tashkil etish, mavjud texnik va tashkiliy imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish, shuningdek, hosilni yo‘qotishlarsiz yig‘ishtirib olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
***
Toshkent viloyatida “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida og‘ir atletika bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi.

Hududda yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va Olimpiya harakatini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqalarning og‘ir atletika yo‘nalishidagi bahslar 4 ta mintaqalarda bo‘lib o‘tdi. Unda 22 ta shahar-tumanlardan saralangan eng iqtidorli yosh atletlar ishtirok etdi. Sportchilar umumiy hisobda 10 ta vazn toifasi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Yosh atletlarning texnika, jismoniy tayyorgarlik, iroda va matonat bobidagi ko‘rsatkichlari hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.
***
“Sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida hududlarda davom etayotgan tibbiy ko‘riklarda tor doiradagi mutaxassislar qatorida viloyat Endokrinologiya dispanseri shifokorlari ham faol ishtirok etmoqda.


Piskent, Parkent, Bo‘stonlik, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Oqqo‘rg‘on tumanlari va Bekobod shahrida o‘tgan tibbiy ko‘riklarda dispanser va tuman mutaxassislari tomonidan ming nafarga yaqin aholi endokrinolog ko‘rigidan o‘tkazildi. Har bir fuqaroning qonida qand miqdori, qalqonsimon bez holati, antropometrik ko‘rsatkichlar baholandi. Shuningdek, bolalar orasida past bo‘ylik qandli diabet 1 turni erta aniqlash maqsadida tekshiruvlar o‘tkazildi.
A.Musayev,O‘zA.