Quyi Chirchiq tumanida yosh sportchilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining yengil atletika yo‘nalishidagi mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq, Toshkent, Chinoz, Zangiota tumanlari hamda Yangiyo‘l shahridan 200 nafardan ziyod iqtidorli sportchi-yoshlar qatnashdi. Qizg‘in va murosasiz bellashuvlar ostida o‘tgan bahslarda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligini ko‘rsatdi.
Yakunda g‘olib va sovrindor sportchilar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi. Muhimi, mazkur musobaqalar yosh avlodni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda Olimpiya zaxirasini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

***
Yurtimizga sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona post orqali qo‘shni mamlakatdan yurtimizga kirib kelayotgan fuqaro xatti-harakatlari bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi.
O‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik natijasida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda deklaratsiyalanmagan, fuqaro o‘z tanasining bel qismiga yashirib olgan 100 dona “Aktovegin” nomli dori vositalari borligi fosh etildi. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.

***
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi Muhriddin Hamzayev boshchiligida Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga “Kitob karvoni” yetib bordi.


Maktab kutubxona fondiga sovg‘a tariqasida berilgan 500 dan ortiq o‘zbek va jahon adabiyotining badiiy, adabiy, ilmiy hamda bolalar nashrlaridan tarkib topgan kitoblar o‘quvchi yoshlar uchun chinakam tuhfa bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA.