Nurafshon shahrida “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan namunali oilalarni hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi faollar, deputatlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Dastlab barcha ishtirokchilar oilalar sadoqat va vafo timsoli Zulfiya Zokirova va uning kelinlari sharafiga qo‘yilgan monument poyiga gullar qo‘ydi. Shundan so‘ng o‘z hayoti, mehnati, qadriyatlari va tarbiyasi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan oilalar “Ibratli oila” ko‘krak nishonlari, pul mukofotlari, diplom va qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, voyaga yetmagan 14 nafar bolalarni mehribonlik uyidan o‘z qaramog‘iga olib tarbiyalayotgan oila alohida e’tirof etildi. Joriy yil “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovida Toshkent viloyatidan 9 ming 436 ta oila ishtirok etib, ishchi guruhlar tomonidan 331 tasi viloyatdan, 170 ta oila respublika bosqichida saralanib olindi.
***
TDTU Olmaliq filialida “O‘zbekistonda mashinasozlikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolari” mavzusida Xalqaro ilmiy-texnik anjuman o‘tkazildi.
Unda respublikamizdagi texnika oliy ta’lim muassasalarining mashinasozlik yo‘nalishi mutaxassislari, yetakchi olimlari hamda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Hindiston davlatlaridan soha mutaxassislari ishtirok etdi.


Tadbir doirasida mavzusi bo‘yicha 200 dan ortiq maqolalarni jamlagan ilmiy-texnik anjuman materiallari to‘plami nashr etildi. Anjuman yalpi majlisida xorijiy mutaxassislar onlayn ma’ruza bilan ishtirok etdi. Soha yo‘nalishi bo‘yicha ish olib borgan sho‘’balarda esa mashinasozlikning zamonaviy yo‘nalishlar va dolzarb masalalar bo‘yicha taqdimotlar qilinib, fikrlar almashildi.
***
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi tomonidan Yangiyo‘l tumanida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarni soliq qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, imtiyozlar va preferensiyalar bilan tanishtirdi. Shu bilan birga, soliq hisobotlarini topshirish, to‘lovlarni amalga oshirish va soliq organlari bilan munosabatlarni soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Muloqotlarda ko‘tarilgan muammoli masalalar bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.
A.Musayev, O‘zA.