Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:35 / 2025-04-03

Chirchiq garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni qishki sharoitdan yozgi mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil qilindi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulot avvalida okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida bajariladigan ishlar tartibi va hajmi bo‘yicha shaxsiy tarkibga tushunchalar yetkazilib, harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning turli sharoitida sozligini ta’minlash borasida tavsiyalar berildi. 

Ko‘p yillik tajribaga ega harbiy xizmatchilar nazoratida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, sovitish suyuqliklari almashtirish, jangovar mashina agregat va tugunlarini tekshirish, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari, yoqilg‘i-moylash ashyolarini yangisiga almashtirish hamda elektr va aloqa jihozlarining sozligini nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlarni bajardi. 

Yakunda har bir o‘quv nuqtasi rahbarlari tomonidan mavsumiy xizmat ko‘rsatishning ahamiyati, asosiy xizmat ko‘rsatish bosqichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yetkazildi. 

*** 

Oqqo‘rg‘on tumanining “Madaniyat”, “Zarbdor”, “Sultonobod” hamda “Qonqa” hududlarida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Madaniyat” MFY hududida aholi tomorqa yer maydonlarni sug‘orish uchun xizmat qiluvchi ichki ariqda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 

Umumiy uzunligi 3,5 kilometr bo‘lgan ushbu ariqda ishlari bajarilib, 1,8 kilometr qismi betonlashtirildi. Qolgan qismidagi ishlarni ham tez orada nihoyasiga yetkazish uchun 4 dona maxsus mashina-mexanizm hamda 40 nafar ishchi-xodimlar astoydil mehnat qilmoqda. Shuningdek, “Sultonobod” MFY hududidagi uzunligi 1,1 kilometr bo‘lgan ichki ariqda ta’mirlash ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda. 

*** 

Toshkent viloyatida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarini o‘tkazish yuzasidan seminar tashkil etildi. Tegishli mutasaddi federatsiyalar, sport jamoatchiligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda federatsiyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, respublika va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik darajasi borasidagi masalalar ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasini Toshkent viloyatida bosqichma-bosqich tashkil etish va respublika final bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish haqida so‘z bordi. 

Seminarda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i R.Boboqulov so‘zga chiqib, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining mintaqa va Toshkent viloyat bosqichini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish tartibi, joylari, sport jihozlari bilan ta’minoti, sportchilarni tayyorlash tizimi kabi vazifalar belgilandi. 

A.Musayev,O‘zA