“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizdagi barcha tashkilot, muassasa va korxonalar xodimlari tomonidan hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Ohangaron va O‘rta Chirchiq tumanida hashar tashkil etildi. Unda 5 mingdan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi. Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar ona tabiatni asrashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

***
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari Bo‘stonliq tumanida ekologik nazorat tadbirlarini o‘tkazdi. Unda hududdan oqib o‘tuvchi Oqsoqota soyining oqim bo‘ylab chap tarafidan davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmalarini yuktashish avtotransport vositasiga hech qanday ruxsatnomasiz yuklab berilayotgan holat aniqlandi.

Shu bo‘yicha surishtiruv jarayonida haydovchilar qum-shag‘al aralashmalarini qazib olishni I. ismli fuqaroni og‘zaki topshirig‘iga asosan shu hududda joylashgan tosh maydalash sexiga olib borib to‘kayotgani va sexni nomini bilmasligini ma’lum qilgan. Voqea joyida Bo‘stonliq tuman Ichki Ishlar bo‘limi Yo‘l patrul xizmati xodimi jalb qilinib 1 dona yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun tuman hududida joylashgan jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Huquqbuzarlar tabiatga 4 milliard 504 million so‘mdan ziyod miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bo‘stonliq tumani Prokuraturasiga yuborildi.

***
Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari boshchiligida Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 150 nafarga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Shundan 52 nafar tadbirkor murojaati shu yerning o‘zida hal etildi, qolgan muammo va takliflar yechimi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rsatma berilib, chora-tadbir va yo‘l xarita ishlab chiqildi.
Hududlarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning muammolarini joylarda hal etish bo‘yicha sayyor qabullar davom etmoqda.

A.Musayev, O‘zA