Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan yo‘lovchilarni tashuvchi avtobus belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Bojxona nazorati natijasida, avtobus salonida xufiyona yashirilgan xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 150 million so‘mlik 38 dona “iRhone” rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyat hokimi Zoir Mirzayev Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib, markaz faoliyati hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi Toshkent viloyat bo‘limi binosi bilan yaqindan tanishdi. Dastlab markazda yangidan bunyod etilgan suzish havzasi, og‘ir atletika va kurash zallari, yangi binolar ko‘zdan kechirildi.
Viloyat hokimi yaratilayotgan imkoniyatlarni samarasi bo‘lishi, kelgusida yosh sportchilarni natijadorligi bo‘yicha jiddiy e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, sport murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazilib, yosh sportchilarni to‘g‘ri tarbiyalash, ularni natijadorligini oshirish, seleksiya ishlarini jadallashtirish, murabbiylarning malakasini oshirishda chet el tajribasi asosida ishlar olib borish zarurligi qayd etildi.

***
TDTU Olmaliq filiali xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy hamkorlikni rivojlantirgan holda, ta’lim jarayonlariga dunyoning yetakchi oliygohlaridan olimlarni jalb qilib kelmoqda.
Xususan, Kimyo va tabiiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan taklif etilgan yaponiyalik professor Kohei Topikai kimyoviy texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha talabalarga mashg‘ulotlar o‘tmoqda. U bu sohada eng yetakchi olimlaridan bo‘lib, bugungi kunda o‘zining ilmiy tadqiqotlari bilan dunyo ilm hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega.

***
Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, ayrim toifadagi xotin-qizlarga ta’lim olishi uchun shartnoma mablag‘lari byudjet hisobidan to‘lanishi belgilangan edi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan marhum qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning ta’lim olishi davlat hisobidan amalga oshiriladi.

Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishiga ko‘ra, mahalliy byudjet hisobidan 150 nafar xotin-qizga 2024-2025 o‘quv yili uchun 1 milliard 240 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bu kabi tashabbus kelgusida ham rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA