Shu kunlarda Toshkent viloyati delegatsiyasi Malayziyada bo‘lib turibdi. Ikki guruhdan iborat tarkibda savdo, investitsiyaviy muzokaralari o‘tkazmoqda. Xususan, Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Qoraboyev boshchilik qilayotgan birinchi guruh qishloq xo‘jaligi sohasida Malayziyaning ilg‘or tajribasini o‘rganib, dastlabki muzokaralar olib bordi.
Shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari Najmiddin Sharipov boshchilik qilayotgan ikkinchi guruh o‘tgan ikki kun davomida Malayziya hukumati vakillari bilan uchrashib, turizm, ishlab chiqarish, sanoat sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi asosiy yo‘nalishlarni muhokama qildi. Malayziyada agroturizm, intensiv usulda sholi yetishtirish, krevetka va baliq turlarini parvarishlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishgan Toshkent viloyati vakillari ayni paytda Kuala Lumpurga qaytib, biznes forumda ishtirok etadi.
***
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 iyuldagi tegishli qarori asosida Oqqo‘rg‘on tumanining “Birlik” MFYda “Orom” dam olish maskanini barpo etish nazarda tutilgan edi. Umumiy 15,9 gektar maydonda qurilishi reja qilingan mazkur dam olish maskani hududida, shundan 10,7 gektar suzish havzasi, xizmat ko‘rsatish va oilaviy dam olish ob’ektlari, attraksionlar, bolalar shaharchalari, ayrim tarixiy ob’ektlarning mini-maketlari, yashil maydonlar, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, xizmat ko‘rsatish va oilaviy dam olish ob’ektlari, favvoralar barpo etib, aholining bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish uchun yetarli sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. 12 milliard so‘m homiylik hamda tadbirkorlarning mablag‘lari evaziga bunyod etilayotgan maskan tumanga kelgusida tashrif qog‘oziga aylantiriladi.


***
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Olmaliq shahrida bo‘lib, “Oydin” dehqon bozori va unga yondosh hududlardagi holatni tanqidiy o‘rgandi. Shaharning markaziy bozorida, oziq-ovqat mahsulotlari rastasida antisanitariya holati mavjudligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.
Bundan tashqari, bozor yaqinida o‘nlab o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo nuqtalari, betartib va sun’iy ravishda doimiy vujudga keltirilgan avtomashinalar zichligi ham aholiga noqulaylik keltirgan. O‘rganishlar davomida “Oydin” bozori va uning yon atroflarida tartib o‘rnatilishi va sanitar me’yorlar doirasida ish olib borish tartibi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.


***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali fuqaro boshqaruvida harakatlangan yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning orqa eshigi ichki qoplamasida, yashirib joylashtirilgan, 1 dona zarli qog‘oz o‘ramda 529 gramm gashish giyohvandlik vositasi fosh etildi.


Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yo‘nalishida 78 ta holatda 75 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
A.Musayev, O‘zA