Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabridagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent viloyati tuman-shaharlarida amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Unda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Sadikov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari K.Sobirov, Toshkent viloyat hokimining Qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X.Qoraboyev va tegishli boshqarmalar boshliqlari, mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi.

Asosiy e’tibor dala chetlaridagi bo‘sh maydonlarni o‘zlashtirish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning afzalliklari, dala madaniyatiga rioya etilishi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish lozimligi yuzasidan fikrlar bildirildi.
***


Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva olib bordi. Majlisda deputatlar qurilish, kommunal soha, byudjet, ekin yerlaridan unumli foydalanishga doir yana ko‘plab dolzarb masalalarni muhokama qildi va mutasaddilarning axboroti tinglandi. Ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli tartibda vazifalar belgilab olindi.
***
Toshkent viloyati ichki ishlar organlari xodimlari orasida “Eng yaxshi kitobxon xodima” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda viloyat ichki ishlar organlarining turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan 30 nafardan ortiq xodima ishtirok etdi.

Tanlov bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, unda qatnashchilarning bilimlari, o‘qigan asarlaridan olgan xulosalari va ularni amaliy faoliyatga tatbiq eta olish qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi. Har bir bosqichda xodimlar o‘zlarining bilimlarini namoyish etish bilan birga, ijodiy yondashuv va muhokamalarda faol ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va namunali ishtirokchilar aniqlandi. Shuningdek, jarayonda xodimalarning intellektual bilimlari sinovdan o‘tkazilib, hamkorlikdagi tashkilotlar bilan guruhlar o‘rtasida “Zakovat” o‘yini tashkil qilindi. Tadbir so‘ngida g‘oliblarga esdalik sovg‘alari va diplomlar topshirildi.
A.Musayev, O‘zA