Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:56 / 2025-02-01

Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosi yuzasidan prokuratura organlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Jumladan, Toshkent viloyatida viloyat prokuraturasi boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan hududlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlar davomida yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalar qurish holatlari aniqlanib, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi va Zangiota tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ish yurituvida bo‘lgan 20 dan ortiq sud hujjatlarining ijrosi ta’minlandi.

Misol uchun, Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor S.Zeytullev tomonidan o‘zboshimchalik bilan sug‘oriladigan  1 gektar yer maydoniga qurilgan 320 metr kvadratdan iborat beton devori Byuroning Zangiota tuman bo‘limi xodimlari va ishchi guruhi tomonidan buzib tashlandi va mazkur ijro hujjatining amalda ijrosi ta’minlandi.  

***

Toshkent viloyatida “Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbiri bo‘yicha Bosh boshqarma Tezkor qidiruv xizmati, Bo‘stonliq shahar ichki ishlar boshqarmasi va DXX hududiy bo‘linmasi xodimlari bilan hamkorlikda nazorat reydlari o‘tkazildi. Unda 1994 yilda tug‘ilgan E.Z. va uning  tengdoshi X.Q. qo‘lga olindi. Ushbu shaxslar avtomashina eshigining ichki qismida xufiyona tarzda yashirilgan 760 dona turli nom va ko‘rinishdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

***

Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev boshchiligida Bekobod tuman va shahar yoshlari uchun sayyor qabul tashkil etildi. Jarayonda hudud yoshlarini tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash kabi taklif va murojaatlarga imkon qadar yechim izlandi.

Xususan, Bekobod tumani “Isfara” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ozoda Abdusamadova hududda kutubxona tashkil etish va unga 500 ta kitob jamlanmasini ajratish yuzasidan taklif bildirdi. Ushbu murojaat mas’ullar tomonidan ijobiy hal etilib, kitoblar ham yetkaziladigan bo‘ldi.

Mazkur tumanning “Istiqlol” mahallasida yashovchi Dilzoda Olimova opasining qarmog‘ida ekani, oilaviy sharoiti sabab maktabga borolmayotganini bayon etdi. Ushbu murojaat bo‘yicha u bilan yaqindan ishlash, maktab va qo‘shimcha to‘garaklarga jalb etishni Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘z zimmasiga oldi.  

A.Musayev, O‘zA.