Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:53 / 2025-01-05

Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi idoralararo yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmasi boshliqlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirok etdi. Shuningdek, viloyat hokimligi va jamoat tashkilotlari mas’ul rahbarlari qatnashdi.

Yig‘ilishda viloyat hududida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan ko‘maklashuvchi idoralar, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorlikda ishlar samaradorligini amalga oshirish masalalari belgilab olindi.

***

Nurafshon shahrida O‘zbekiston xalq hofizi, taniqli san’at arbobi, lirik qo‘shiqchilik yo‘nalishida o‘zining betakror va ko‘p qirrali ijodi bilan muxlislar qalbidan o‘rin olgan Faxriddin Umarov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Hudud markazidagi amfiteatr majmuasining maqom zalida o‘tkazilgan tadbirda viloyat faollari, nuroniylar, elimiz suygan san’atkorlar, hofizning shogirdlari va yoshlar qatnashdi.

Tadbirda san’atkorning o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida ko‘plab shogirdlar yetishtirgani e’tirof etildi. Shuningdek, “Oltin fond”dan o‘rin olgan hofizning kuy-qo‘shiqlari shogirdlari tomonidan ijro etildi. Faxriddin Umarovning mazkur merosini yosh avlodga singdirish maqsadida joylarda keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar davom etmoqda.  

***

Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilar kuni munosabati bilan joylarda tadbirlar qizg‘in davom etmoqda.

Xususan, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Nurafshon shahrida joylashgan harbiy qismda o‘tgan tadbirda soha mas’ullari, harbiylar, faxriylar hamda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda Andijon viloyatidan kelib harbiy qismda xizmat qilayotgan 41 nafar askar va ularning ota-onalari bilan onlayn muloqot bo‘ldi. Andijon studiyasidan ishtirok etgan ota-onalarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘mondoni o‘rinbosari tomonidan farzandlarining namunali xulqi hamda xizmat burchini tartib-intizom bilan o‘tayotganlari uchun Tashakkurnoma taqdim etildi.  

***

Qibray tumani hokimligi va tegishli tashkilot mas’ullari hamkorligida joydagi savdo do‘konlarida O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya etilganlik holatlari o‘rganildi.

Jumladan, tuman hokimining  maslahatchisi U.Po‘latova, “Chinobod” hududida joylashgan savdo shoxobchalarining tashqi qismidagi reklama bannerlari va e’lonlarning matni va tarjimasi davlat tili va qonunchilik talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqdi. Tadbirkorlar bilan suhbatda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tushuntirishlar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Shuningdek, energetik, alkogol ichimliklar, tamaki mahsulotlari reklamasiga doir talablar, tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzish kabi holatlar uchun qonun bo‘yicha jarimaga tortilish to‘g‘risida ogohlantirildi.

A.Musayev,O‘zA