Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning topshirig‘iga ko‘ra, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov boshchiligidagi shahar delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahrida bo‘lib qaytdi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda kelgusida Olmaliq shahrida yangi korxonalarni ishga tushirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Xitoylik tadbirkorlar hamda korxonalar bilan birgalikda dastlabki qiymati 110 million dollar miqdorida 5 ta yangi investitsion loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi. Xususan, Olmaliq shahar hududida xitoylik tadbirkorlar bilan birga maxsus chiroqlar ishlab chiqarish, elektrotexnikada qo‘llanadigan sxema va mikrochiplar uchun xomashyolar tayyorlash kabi qator loyihalarni ishga tushirish natijasida 500 dan ziyod yangi ish o‘rinlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu bo‘yicha memorandum ham imzolandi.

***
Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 33 yilligi munosabati bilan “Oila muqaddas dargoh” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda harbiy qism mas’ullari, Chirchiq shahar hokimligi, shahar prokuraturasi vakillari, IIB xodimlari, “Oqila ayollar” harakati rahbariyati, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar oilaning muqaddasligi, uning jamiyat rivojidagi o‘rni va sog‘lom muhitni ta’minlashdagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Oila qo‘rg‘onining mustahkamligi jamiyatning barcha sohalarida ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Bir guruh o‘quvchi yoshlar tomonidan raqs va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va faol ishtirokchilar harbiy qism komandirining “Tashakkurnoma”si hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Prezidentimiz raisligida 13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga asosan Toshkent viloyatida nogironligi bor shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

Buning uchun tuman-shaharlarda maxsus markaziy ko‘chalar tanlab olinib, har bir chorrahaga ovozli svetoforlar, piyodalar yo‘lagida sariq qoplamali yo‘lakchalar tashkil etish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Nurafshon shahrida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun ovozli svetoforlar o‘rnatilgan. Joylardagi piyodalar yo‘lagida sariq rangli yo‘lakchalar tashkil qilindi. Nogironligi bor shaxslar uchun viloyatdagi barcha ob’ektlar maxsus panduslar bilan jihozlanmoqda.

***
Toshkent viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari A.Mullajonov boshchiligida Yuqori Chirchiq tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda viloyat IIBB, cud, Xalq qabulxonasi, departament, adliya, byuro, soliq hamda bojxona boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi. Qabulda aholi bilan bevosita ochiq muloqot qilish, fuqarolarning barcha murojaatlarini har tomonlama va xolisona tekshirilishini ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda 87 nafarga yaqin fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 24 nafari bevosita prokuror qabulida bo‘ldi. Qabulda tergov-surishtiruv, sud qarorlari, yer maydonlaridan foydalanish tartibi va boshqa masalalarga oid murojaatlar tinglandi. Kelib tushgan murojaatlarning 15 tasi joyida ijobiy yechimini topdi, qolgan murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish talab qilgani bois, ish yurituvga qabul qilindi.

A.Musayev,O‘zA