Yil yakunlanishiga yaqinlashgan sayin pirotexnika vositalarining savdosi avjiga chiqadi. Aholining osudaligini ta’minlash esa eng dolzarb vazifa sanaladi. Shunday ekan joylarda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi nazorat ishlari ayni damda kuchaytirilgan. Poytaxtga olib o‘tilayotgan ko‘p miqdordagi pirotexnika vositalari Toshkent viloyatida IIB xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
20 dekabr kuni soat 04:00larda O‘sh – Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan avtomobil Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida ichki ishlar xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirildi.
1993-yilda tug‘ilgan haydovchi S.Sh. boshqaruvidagi transport vositasi tekshirilganda, yukxonasida noqonuniy olib ketilayotgan 720 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Nurafshon shahrida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turuvchi oilalar uchun shahar Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil qilindi. Tibbiy ko‘rikka tor soha mutaxassislari jalb etilib, fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha zaruriy davo choralari buyurtirildi.

***
Qibray tumanida joylashgan Respublika bolalar ortopediya markazida bemor bolalar holidan xabar olinib ularga bayramona kayfiyat ulashildi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bayram tadbiri davolanayotgan bolalarning ko‘ngliga taskin berish, ularni bir lahza bo‘lsada dardlarini unutishga qaratildi.

Ayniqsa, ertak qahramonlaridan iborat teatrlashtirilgan tomosha bemorlar va ularga qarovchi yaqinlarining kayfiyatiga ko‘tarinkilik ulashdi. Yangi yilni bezatilgan archa, qorbobo va qorqiz bilan chambarchas bog‘liqligiga murg‘ak qalblar ishonadi. Shuning uchun ham bolajonlarga qorbobo tomonidan sovg‘alar ulashildi. Hatto, tomosha zaliga chiqolmagan bemor bolajonlar holidan ham alohida xabar olindi.

***
Toshkent viloyatida joylashgan “G‘azalkent sog‘lomlashtirish markazi” sport bazasida para taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Musobaqada 15 ta jamoadan 130 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, terma jamoa a’zolaridan tashqari Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Namangan viloyati jamoalari sportchilari g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Ma’lumot uchun, 22-23 dekabr kunlari “G‘azalkent sog‘lomlashtirish markazi” sport bazasida kattalar o‘rtasida mamlakat chempionati o‘tkaziladi.

A.Musayev,O‘zA.