Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:59 / 2024-12-07

9 dekabr – xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida bojxona posti xodimlari ishtirokida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” mavzusida profilaktik suhbat bo‘lib o‘tdi.

Unda bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xodimlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berilib, xizmat qilayotgan har bir xodim o‘zining xulq atvori, muomala madaniyati, ijrochilik va xizmat intizomi bilan barchaga namuna bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, bojxona organlari faoliyatini tubdan isloh qilish, sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ularning ijobiy natijasi haqida so‘z bordi.

***

Aholi salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda patronaj xizmati muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, homilador ayollar va yosh bolali oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda ushbu xizmatning o‘rni beqiyos.

Shu maqsadda birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimida patronaj doyalar o‘rnini mustahkamlash borasida qator ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Potranaj doya-ayol salomatligi tayanchi” ko‘rik-tanlovining ilk bora o‘tkazilishi ham, shular jumlasidandir.  

Yuqori Chirchiq tumani “Sultonrovot” madaniyat markazida o‘tgan viloyat miqyosidagi tadbirda tuman-shaharlardagi tanlovlarda ishtirok etgan hamda viloyat bosqichida 14 ta nominatsiyada g‘olib bo‘lgan bir guruh patronaj doyalar viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi.  

***

Yurtimizda ilmli va ma’rifatli yoshlarni kamol toptirish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, xorijiy tillarga o‘qitishni yanada ommalashtirish, shuningdek, bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar qilinmoqda.

Bugun Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tgan “O‘quv markazlar forumi” ham mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarning davomidir. Jarayonlarda ishtirokchilar taklif va tashabbuslari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, kelgusi yilda amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari yuzasidan hisobot berdi.

Joriy yil Toshkent viloyatidagi mavjud 189 ta o‘quv markazlarida 12 ming 302 nafar yoshlar xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘rgatilgan. 2025 yilda mazkur o‘quv markazlar sonini 247 taga yetkazish hamda unda 17 ming 822 nafar yoshlarni xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilmoqda.

***

Ohangaron shahridagi sektor rahbarlari tashabbusi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan hokim yordamchilari ishtirokida “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tikuv mashina va overloglar subsidiya asosida topshirildi.

“Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi” hisobidan yo‘naltirilgan mazkur mablag‘lar tadbirkorlikni boshlamoqchi va o‘zini-o‘zi band qilish niyatida bo‘lganlarga imkon beradi. Endilikda ayollar uyda o‘tirgan holda daromad topishlari ham mumkin.

A.Musayev, O‘zA.