Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasini rivojlantirish yuzasidan taklif ilgari surilgan edi. Toshkent viloyatida ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi. Shu munosabat bilan yangi kengash hududda o‘z ishini boshladi.
Nurafshon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohada olib borilayotgan ishlar sarhisob qilindi va tadbirkorlar tomonidan turizm sohasini rivojlantirish borasida qator takliflar bildirildi. Shu bilan birga, tarmoqlarda uchrayotgan muammo va murojaatlar tinglandi. Ayniqsa, turizm infratuzilmasi va transport logistikasi sohalarida vujudga kelayotgan muammolar ko‘rib chiqilib, bartaraf qilish yuzasidan topshiriq berildi.

***
11 noyabr – “O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan Nurafshon shahrida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda viloyat Sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan musobaqada turli tarmoqlar tarkibidagi korxona, tashkilot va muassasalarning Kasaba uyushma raislari hamda faollar ishtirok etdi. Ular futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ish yurituvdagi fuqarolar manfaatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish borasida tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida jami 626 milliard so‘mlik 58 755 ta ijro hujjatlari kelib tushgan va o‘rganilgan. Ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida 34 ming 757 ta ijro hujjatlari tamomlanib, 222,6 milliard so‘m qarzdorliklar amalda undirilgan.
Bundan tashqari, davlat va byudjet tashkilotlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobidan 11 ming 450 nafar fuqarolar foydasiga 97,6 milliard so‘m mablag‘ undirib berilgan. Shu bilan birga, fuqarolar foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 8 ming 434 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 7,1 milliard so‘mlik qarzdorliklar undirilishi ta’minlandi.

***
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Ohangaron tumani bo‘limi inspektorlari hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi post-patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi ekologik nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Unda uch fuqaro S.X., A.A. hamda X.A. tomonidan noqonuniy tarzda hech qanday hujjatlarsiz sava qushlarini ovlayotgan holat aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdoring 10 barobari miqdorida jarima belgilanib, 3 million 750 ming so‘mdan to‘laydigan bo‘ldi.


A. Musayev, O‘zA.