Toshkent viloyati hokimining tegishli qarorlari bilan Yuqori Chirchiq tumanidan 110,4 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilib, uning toifasi o‘zgartirilgan. Mazkur hudud doimiy foydalanish uchun “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga ajratib berildi.
Tumanning O‘zbekiston, Guliston, Istiqlol mahallalaridagi hududlar ”Yangi Toshkent shahri” hududiga o‘tkazilmoqda. Hozirda belgilangan tartibda kadastr hujjatlari rasmiylashtirish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Yurtimizga kirish uchun post orqali piyoda harakatlangan fuqaroning qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilganda sumkadagi “havo kompressori” ichiga yashirincha joylashtirilgan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, 9 dona polietilen paketlarga o‘ralgan, kukunsimon, o‘tkir hidli moddalar borligi aniqlandi. Markaziy bojxona laboratoriyasining ekspertiza natijalariga ko‘ra, jami og‘irligi 4,3 kilogramm bo‘lgan mazkur moddalar “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi hamda Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda yuridik va jismoniy shaxslarning egaligidagi mol-mulklari hisobidan soliq qarzdorligini undirish yuzasidan Qibray tumanida xatlov tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda hududdan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “Vostok Mash Xolding” korxonasining 128,3 million so‘mlik soliq qarzi hisobiga jamiyatga tegishli bo‘lgan noturar bino xatlanib kirish eshiklari muhrlandi.

Shuningdek, mazkur tadbirda Qibray tumani yo‘llardan foydalanish tashkilotining 267,3 million so‘mlik soliq qarzi hisobiga jamiyatga tegishli bo‘lgan “MAN” rusumli avtotransport vositasi xatlandi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdir.
A.Musayev,O‘zA.