Bugungi kunda Suv xo‘jaligi vazirligi ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan suv resurslarini tejash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bir qator loyihalarda hamkorlik qilmoqda.
Xususan, Janubiy Koreyadan kelgan bir guruh mutaxassislar Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari bilan Toshkent viloyati Chirchiq – Ohangaron ITHBga qarashli “Toshkent magistral” hamda “Janubiy tarmoq” kanallarida bo‘lib, irrigatsiya tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Suvdan samarali foydalanish maqsadida kanallarni betonlash va nazorat qilishda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni muhimdir.

Chet ellik irrigatorlar mazkur kanallardagi suv olish va suv to‘sish inshootlarini avtomatlashtirish, ularni betonlash hamda har bitta gidropostga “Aqlli suv” o‘lchagich qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha o‘rganishlar olib bormoqda.
***
Hozirda, Toshkent viloyati hududlarida bittadan konsert-tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalariga ega bo‘lgan namunali madaniyat markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash chorali ko‘rilmoqda.
Jumladan, Qibray tumanida “Do‘rmon”, Bekobod tumanida 8-sonli, Zangiota tumanida “Eshonguzar” va Parkent tumanlari tarkibida konsert-tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan namunali Madaniyat markazlari foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Bo‘ka, Chinoz, Toshkent tumanlari va Angren shahri namunali Madaniyat markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyiha smeta hujjatlari asosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
***
Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Toshkent viloyati IIBB tashabbusi bilan Olimpiya chempionlari Muzaffar To‘raboyev va Akbar Jo‘rayev ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda chempionlar cportda erishgan muvaffaqiyatlari, mashq jarayonlari va yengib o‘tgan qiyinchiliklari haqida yoshlarga so‘zlab berdi. Shuningdek, Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Asilbek Rahmonov va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov ham so‘zga chiqib, yoshlarga o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.

Ular yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jinoyatchilikning oldini olish va kelajakda Vatanga munosib xizmat qilish masalalarida o‘z fikrlarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.