Toshkent viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor ekologik nazorat guruhi inspektorlari tomonidan O‘rta Chirchiq tumani hududida joylashgan Toshkent suv omborida noqonuniy ravishda 340 dona daryo qisqichbaqasi ovlanayotgan holat aniqlandi.
Huquqbuzar Nurafshon shahri “Hurriyat” MFYda yashovchi 1968 yili tug‘ilgan fuqaro M.X. ekani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va bazaviy hisoblash miqdorining o‘n barobarida jarima chorasi qo‘llanildi.

Hozirda, daryo qisqichbaqalari Toshkent suv omboriga qo‘yib yuborildi.
***
Yurtimizga o‘tish uchun “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida fuqaro boshqaruvida kirib kelgan avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Bojxona ko‘rigi natijasida, avtotransport vositasining yuk xonasida shaxsiy buyumlar orasiga joylashtirilgan, yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan bir dona patron uchun moslama, 1 ming 250 dona 4,4 kalibrli pnevmatik quroldan otish uchun o‘qlar, 25 dona ov uchun gilzalar, 103 dona 16 kalibrli gilzalar hamda 500 dona 4,5 kalibrli o‘qlar borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


***
Xitoyning Jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi Toshkent viloyati Ichki ishlar Bosh boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlar O‘zbekiston Ichki ishlar tizimi, uning tarixi va bugungi kundagi yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik choralari bilan ta’minlangan IIB binolari hamda moddiy texnik baza bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, mehmonlar Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasida ham bo‘ldi. Hodimlarning malaka oshirish tizimlari borasidagi ishlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi.


Kelgusida talabalarning bilim almashinuvi va tizimdagi boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
A.Musayev,O‘zA.