Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:24 / 2024-10-04

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muslimov va rais o‘rinbosari O.Ismoilov tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda jami 81 nafar fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi.

Ularning 18 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 51 tasi fuqarolik ishlari, 5 tasi iqtisodiy ishlar va 7 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga oid murojaatlarni tashkil etadi. Shundan, 39 ta fuqaroning og‘zaki murojaati, 42 ta fuqarolarning yozma murojaatlari qabul qilindi. Ayrim murojaatlar esa joyida ijobiy hal etildi.  

Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma (iltimosnoma)lar asosida axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazolarini o‘tayotgan 201 nafar mahkumlar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 186 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazo muddati yengilrog‘iga almashtirildi, 41 nafar sudlanuvchi esa sud zalidan ozod etildi. Bir qator fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 70 nafar fuqaroning foydasiga aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarildi. Shuningdek, fuqarolarning foydasiga jami 596 million 724 ming so‘m qarzdorlik undirildi.  

***  

Chirchiq davlat pedagogika universitetida talabalarning sifatli ta’lim olishi, o‘quv jarayonlarini qulay muhitda o‘zlashtirishi, barcha sharoitga ega zamonaviy auditoriyalarda o‘qishlarini ta’minlash maqsadida 4 ming o‘ringa mo‘ljallangan Maktabgacha ta’lim fakultetining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.    

Tadbir ishtirokchilari muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 2020 yildan buyon alohida fakultet sifatida faoliyatini davom ettirayotgan mazkur dargohda bugun 3 mingdan ortiq talaba kunduzgi, kechki va sirtqi yo‘nalishlarda tahsil oladi. Ularga Finlyandiya, Koreya texnologiyalari asosida bilim berilmoqda. Ajratilgan 23 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangi qiyofaga kirgan binoda universitet qoshida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Innovatsion bog‘cha” laboratoriyasi ham ko‘zdan kechirildi.  

***    

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan korxonalarda sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib, soha rivoji yo‘lidagi aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Dastlab, mas’ullar tomonidan Parkent tumanida joylashgan “Shabnam Yelegant” MCHJning yiliga 5 million dona tekstil mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonaning investitsiyaviy loyihasi va faoliyati o‘rganildi. Umumiy qiymati 25 million dollarni tashkil qiluvchi mazkur loyiha bugungi kunda faoliyatini boshlagan.  

Ishchi guruh Chirchiq shahrida joylashgan “Bao xin metal” MCHJ ham bo‘ldi. Investitsiyaviy loyiha doirasida faoliyat olib borayotgan mazkur korxona yiliga 30 ming tonna metall mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 10 million dollarni tashkil qiluvchi loyiha bugun o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.  

Uchrashuv davomida tadbirkorlar faoliyatidagi mavjud muammolar ham o‘rganilib, takliflar tinglandi. Shu bilan birga, loyiha mablag‘larining o‘z vaqtida to‘liq o‘zlashtirilishi hamda samarali maqsadlarga yo‘naltirilishi bo‘yicha zaruriy ko‘rsatmalar berildi.  

***  

“Nurafshon biznes sity” hududidagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ni barpo etish va amfiteatr binosini qurish ishlari jadallashtiriladi. 

Shu bo‘yicha Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishi chiqarildi. Unga ko‘ra, mazkur jarayonlar uchun tegishli mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi.  

A.Musayev, O‘zA.