Toshkent viloyatining “S.Najimov” va “Yallama” chegara bojxona postlarida Respublikamiz hududiga kirib kelayotgan go‘sht, tirik hayvon va bir turdagi mahsulotlarni olib kirishda chegara bojxona postlarida yakuniy bojxona rejimlariga tezkorlik bilan rasmiylashtiruvini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Bu kabi qulayliklar tadbirkorlar uchun tez buziladigan mahsulotlarni chegarada ustuvor tartibda navbatsiz o‘tkazish hamda tovarlarni shu yerning o‘zidan erkin muomalaga chiqarish imkonini beradi.
Joriy yilning bir oy davomida birgina “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali 250 tonna go‘sht, ming boshga yaqin tirik hayvonlar hamda 760 metr kub yog‘och mahsulotlarini yakuniy bojxona rejimiga rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan.

***
Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, soha olimlari va mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatida energiya resurslarini iqtisod qilish masalalari ilmiy asosda o‘rganilmoqda.
Xususan, joylardagi 168 sanoat korxonalari o‘rganib chiqildi. Mutaxassislar tomonidan Parkent tumanidagi “Hamkor” MCHJda mahsulot ishlab chiqarishdagi energiya sarfi hamda uni iqtisod qilish masalasi tahlil qilindi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ekt vakillariga tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, “Parkent suv ta’minoti” MCHJ hamda tumaning Qizil tog‘ mahallasida joylashgan “Quyosh-25” nomli podstansiyaning ishlash rejimi ham ko‘zdan kechirildi va mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Yuqori Chirchiq tumanida Turin politexnika va Janubiy Koreyaning Yongnam universitetlari bilan hamkorlikda “AKITA – Koreya IT Alyansi Akademiyasi”ni ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Uskenbay Atemov, AKITA Direktorlar Kengashi raisi Jong Ok-Raye, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, AKITA – bu IT sanoat-akademiya hamkorligi asosida yaratilgan fakultet bo‘lib, u Koreyaning IT texnologiyalari va eng yangi ta’lim dasturlari orqali O‘zbekistonda iqtidorli kadrlar yetishtirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Ta’lim muassasasida simsiz aloqa va teleradioeshittirish injiniring, sun’iy intellekt, axborot tizimlari va texnologiyalari va mediadizayn yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
***
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda yangi kitob nashr etildi.

“Toshkent viloyati qishloqlari tarixi” nomli kitob shu yo‘nalishdagi birinchi nashr hisoblanadi. Yil yakuniga qadar, kitobning ikkinchi va uchinchi jildlari ham chop etiladi. Asar ilmiy-ommabop nashr hisoblanib, kitobda viloyatning 41 ta qishloq va mahallasining tarixi, buguni, hududda yetishib chiqqan taniqli insonlar haqida qisqacha ma’lumot berilgan.
Loyiha rahbari Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. Mualliflar Dilshoda Annayeva va Nigora O‘rolova. Kitob “Yoshlar kundaligi” nashriyotida 3 ming nusxada chop etilgan.
A. Musayev, O‘zA.