Toshkent viloyati hokimi tashabbusi bilan “Nurafshon mavjlari” viloyat raqs ansambli tashkil etildi. Bu haqda tegishli qaror chiqarilib, dastlabki faoliyati uchun Chirchiq shahridagi “Maksam Chirchiq” AJ tomonidan joy va 1 milliard 60 million so‘m homiylik mablag‘lari ajratildi.
Asosiy maqsad viloyatda milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish va yangi an’analar, teatrlashtirilgan xoreografik spektakllar namoyishini tashkil etish hamda kelajak avlodlarga bebaho san’at namunasini yetkazishdir.
***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida “Muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanish: imkoniyat va qulayliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Toshkent viloyati hokimligi, bojxona, soliq, favqulodda vaziyatlar xodimlari, viloyatdagi bojxona ombori faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va quyosh panellarini import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashdi.
Bugungi kunda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi nazorati ostida 68 ta bojxona omborlari mavjud bo‘lib, shundan 54 ta ochiq va 12 ta yopiq turdagi bojxona omborlari hamda 1 ta erkin ombor, 1 ta boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlanishicha, amaldagi bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash tartibiga asosan bojxona ombori muqobil elektr manbalariga ega bo‘lishi lozim.
Tadbirda quyosh panellarini import qiluvchi korxonalar tomonidan olib kelinayotgan quyosh panellari, ularning sifat va standartlarga qanchalik javob berishi yuzasidan ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

***
Shu kunlarda Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan joylarda ishsiz, band bo‘lmagan aholini shu jumladan, jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslar, aliment to‘lovchilar va tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida navbatdan tashqari “Mehnat yarmarkasi” tashkil etilmoqda.
Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tadbirda hududdagi 17 ta yirik korxona va tashkilot o‘zlaridagi mavjud 1 ming 100 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari (shundan 700 nafari mutaxassislik talab etilmaydigan) bilan ishtirok etdi. Ushbu mehnat yarmarkasida 87 nafar band bo‘lmagan fuqarolar qatnashdi. Shu bilan birga, fuqarolarga kasb-hunarga qayta o‘qitish uchun yo‘llanmalar berildi va shu bilan birga 21 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

A.Musayev,O‘zA.