Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:07 / 2024-09-04

Toshkent viloyatida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi “Tadbirkorlar kengashi” tuzilgan bo‘lib, navbatdagi muloqot Bo‘ka tumanida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Kengash raisi Ravshan Jo‘rayev olib bordi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, banklar, gaz, elektr tarmoqlari, kadastr va boshqa tegishli davlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muloqotda tadbirkor va ishbilarmonlardan tushgan taklif va fikr-mulohazalar o‘rganilib, tegishli tashkilotlar yordamida masalalarning hal etilish choralari ko‘rildi.

***  

Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar“ mahallasida “Nuroniylar maskani” binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, nuroniylar, faollar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yurtimizdagi tinchlik hamda osoyishtalikka shukrona aytib, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Maskanda nuroniylarning mazmunli dam olishlari uchun kutubxona, ma’naviyat, tibbiyot, dam olish xonalari, yozgi va qishki oshxona, sport-sog‘lomlashtirish zali mavjud. Aytish mumkin, bugungi kunda Chirchiqda 22 ming nafardan ziyod nuroniylar yashaydi.  

***  

Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan Toshkent tuman ish yurituviga sudning qaroriga asosan qarzdor Sh.R.dan undiruvchi Sh.D.ga 4 nafar farzandini onasi qaramog‘iga qaytarish bo‘yicha ijro hujjati kelib tushgan. Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlari davomida qarzdorning yashash manziliga chiqilganda ushbu manzilda farzandlar yo‘qligi aniqlangan va tegishli tartibda qidiruvga berilgan. Qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan qarzdorga, farzandlar onasiga qaytarilmagan taqdirda qonuniy ko‘riladigan choralar haqida tushuntirish ishlari olib borilgandan so‘ng qarzdor ota yashirib qo‘ygan farzandlarini onasi tarbiyasiga topshirdi.  

***  

Nurafshon shahrida trikotaj va tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi. “RADIANTE TEKSTILE” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan bu loyihaning umumiy qiymati 8.8 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Germaniya davlatlaridan olib kelingan uskunalar o‘rnatilgan. Hozirgi kunda 201 ta ish o‘rni yaratilib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 400 ta doimiy ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda yiliga 25 ming 500 dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ushu ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimida shahar sektor rahbarlari, mahalla nuroniylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

***  

Piskent tumanida aholi yashash xonadonlariga arzonlashtirilgan narxlarda quyosh panellari o‘rnatilib, energiya taqchilligining oldini olish hamda uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ta’minotchi korxona tomonidan har bir xonadonga 3-4 Kvli, har birining quvvati 0,6 Kvdan bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Ilk bosqichda tumandagi 40 ta xonadonga, har bir uy manzili uchun 5 tadan quyosh paneli qo‘yilishi boshlandi.  

A.Musayev,O‘zA.