Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida hududga oid muhim masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda dolzarb mavzular yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi.
Xususan, yaqinlashib kelayotgan eng aziz, eng ulug‘ bayramni munosib kutib olish, “Mahalla byudjeti” jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli sarflanishi, joylarda maktab yarmarkalarini tashkil etish masalalari faollar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur jamg‘arma mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizidan shakllanadi. Bugun Toshkent viloyatidagi mahallalarning jamg‘armalarida 21 milliard so‘m mablag‘ bor. Yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari mahalladoshlar bilan maslahatlashgan holda jamg‘arma mablag‘larini eng, avvalo, ayni hudud ehtiyojlari uchun sarflanishi aytib o‘tildi.
***
Qiymati 30,5 milliard so‘m bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi bilan viloyatning 98 ta mahallasida elektr ta’minoti yaxshilanadi. Hozirda dasturga asosan joylarda 178 kilometrdan ortiq tarmoqlar tortish ishlari boshlangan. 3,5 ming ustunlar va 78 ta transformatorlar o‘rnatish ishlari rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ob’ektlarni qaytadan xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Bo‘stonliq tumanida 32 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 8 mingta transformatorni yangilash choralari ko‘rilmoqda. Natijada hududning 14 ta mahallasida elektr ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va korxona tashkilotlarda quyosh panellarini o‘rnatish orqali 170,3 million kVt soat elektr energiyani iqtisod qilish reja qilingan.
***
Mamlakatimizda metall sanoatiga e’tibor tufayli sohada katta yutuqlarga erishilmoqda. Ilgari metall mahsulotlari deyarli chetdan keltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda tadbirkorlik rivoji, sanoat taraqqiyoti sabab zamon talablariga mos mahsulotlar o‘zimizda ham ishlab chiqarilmoqda.

Jumladan, Yangiyo‘l tumani hududida “CRANE MACHINARY INVESTMENT” korxonasi tomonidan “Metallkonstruksiya mahsulotlarini ishlab chiqarish”ni tashkil etish bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirildi. Loyihaning umumiy qiymati 15,3 milliard so‘m va uning ishga tushishi natijasida 80 nafar ish o‘rni yaratildi.
A.Musayev, O‘zA.