Yurtimizga o‘tish uchun “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan og‘irligi 100 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida “Al-Xorazmiy avlodlari” olimpiadasining onlayn bilimlar sinovi bo‘lib o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Piskent tuman 1 umumta’lim maktab 8-sinf o‘quvchisi Mirkarim Furqatov (168 ball)ga, ikkinchi o‘rin Toshkent tumani 9-umumta’lim maktab 9-sinf o‘quvchisi Nuriddin Sunnatullayev (162 ball)ga, uchinchi o‘rin esa Bekobod tumani 23-umumta’lim maktab 9-sinf o‘quvchisi Asadbek Shodmonov (156 ball)ga nasib etdi.
***
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga mahalliy hokimliklar tomonidan ham uy-joy kalitlari berilmoqda. O‘rta Chirchiq tumanida ham 7 nafar o‘g‘il-qizga hokimlik mas’ullari, deputatlar, mahalla faollari, mutasaddilar va keng jamoatchilik ishtirokida uy kalitlari topshirildi. Shuningdek, Angren shahridagi “Go‘zal”, “Bobotog‘”, “Kimyogar” mahallalaridagi ko‘p qavatli uylardan barcha zarur sharoitlar yaratilgan, jihozlangan xonadon kalitlari taqdim etildi. Ma’lumki, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lgan yildan ko‘p qavatli uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali uylar ajratilishi belgilangan.
***
Parkent tumanida 13 ta loyiha doirasida 79,1 kilometr turistik maskanlarga olib boruvchi avtomobil yo‘llarida ta’mirlash va yangidan qurish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda 6 ta ob’ektda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, 7 ta ob’ektda esa jarayonlar davom etmoqda. Hozirda 8 milliard 956 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan. Bo‘stonliq tumanida esa 2,1 kilometr yo‘llar asfaltlashtirildi va 450 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Shuningdek, 650 tonna asfalt qoplamasi bilan chuqurlar ta’mirlandi, 17,2 kilometr ichki ko‘chalar shag‘allashtirildi. Bundan tashqari, ichimlik suvi va oqova tarmoqlari, elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham tizimli ishlar qilindi.
***
Toshkent viloyatining 6 ta tuman-shahar Madaniyat bo‘limlariga “Damas” avtotransport vositalari topshirildi. Avtoulov kalitlari bir guruh soha vakillari, mas’ullar ishtirokida egalariga topshirildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu avtomobillar hududlarda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar sifatining yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Ma’lumot o‘rnida, 2023 yilda viloyatning 11 ta hududidagi Madaniyat bo‘limlariga ham “Damas” avtotransport vositalari berilgan edi.
A.Musayev, O‘zA.