Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:19 / 2024-07-08

Prezidentimizning har bir hududda “Ma’naviyat xiyobon”lari tashkil etish bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida ana shunday maskanlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jumladan, Angren shahrining Nurchi mahallasida mazkur maskanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar mas’ullari, faollar, nuroniy va yoshlardan iborat keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Xiyobon adabiyot, ma’rifat va madaniyat maskaniga aylantirildi.  

Maskanda ochiq osmon ostidagi kutubxona faoliyat yuritadi. Turli sport tadbirlari, ko‘ngilochar o‘yinlar, jonli kuy-qo‘shiqlar o‘tkaziladi. Asosiysi, qo‘l mehnati yordamida qilingan ishlar ko‘rgazmasi yo‘lga qo‘yilgan. Yil yakuniga qadar shunday maskanlar viloyatning 20 ta hududida tashkil etilishi belgilangan.  

***  

Toshkent viloyatida Xitoy tajribasi asosida zamonaviy markazlashgan pillaxonalar tashkil etiladi. Shu maqsadda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hamda soha mas’ullari xitoylik hamkorlar bilan yaqindan muloqot olib bordi.  

Joriy yil Toshkent viloyatida pillachilik bo‘yicha Xitoy va Vetnam tajribalarini ommalashtirish borasida viloyatda qator ishlar boshlangan. Xususan, Piskent, Bo‘ka va Chinoz tumanlarida markazlashgan usulda pilla yetishtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investorlarning takliflari ko‘rib chiqildi.  

Muzokaralar davomida xitoyliklar tomonidan yana qator loyihalar ham taqdim etildi.  

***  

Viloyat bojxona boshqarmasi “Surishtiruv va ma’muriy amaliyot” bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilari bilan hamkorlikda Toshkent tumanida huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan hamda sud qaroriga asosan yo‘q qilinishi belgilangan tovarlar maxsus joyda tugatildi.  

Jarayonda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Unda jami 1 milliard 216 million so‘mlik 18 turdagi sifati va xavfsizligi tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan tovar moddiy boyliklar yoqildi. Bu tovarlar asosan parfyumeriya va tamaki mahsulotlari hamda sifati kafolatlanmagan dori vositalaridan iborat.  

***  

Toshkent viloyatida erkin iqtisodiy zonalardagi investitsiya loyihalari doimiy o‘rganilib, ularni belgilangan muddatda ishga tushirish yuzasidan nazorat tadbirlari davom etmoqda.  

Jumladan, viloyat prokurori S.Eshquvvatov boshchiligidagi ishchi guruh Zangiota tumanidagi “Toshkentfarmpak” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteridagi loyihalarda amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini o‘rgandi.  

Xususan, “Grand farm logistik” MCHJ qo‘shma korxonasining dori vositalarni saqlashga mo‘ljallangan muzlatkich qurilishi, “Masmed farm impeks” MCHJning shprits va dori vositalari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishildi.  

Shuningdek, mas’ullarga muammolarni qisqa muddatda bartaraf qilish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan yuqori texnologiyali zamonaviy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom etmoqda.  

A.Musayev,O‘zA.