Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
22:27 / 2024-03-26

Hujjatlari bo‘lmagan tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga olib kirishga bo‘lgan urinishlarga bojxona organlari tomonidan o‘z vaqtida chek qo‘yilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda post xodimlari tomonidan “Yallama” chegara bojxona posti orqali yurtimizda faoliyat olib borayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning nomiga olib kelingan tovarlar tekshirildi. Unda aniqlanishicha, “Volvo” rusumli avtotransport vositasida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, qiymati 830 million so‘mlik 200 ming 120 dona “LED chiroqlar” va 1 ming 332,5 kilogramm “LED chiroqlarning ehtiyot qismlari” borligi aniqlandi. 

Hozir holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

*** 

Viloyatda yaylovlardan samarali foydalanish, ularni toifalash va degradatsiyasini tabaqalash choralari ko‘riladi. Bu haqida viloyat hokimining tegishli qarori imzolandi. Xususan, sun’iy yo‘ldoshli integratsiyalashgan tizimni joriy etish orqali chorva mollarini o‘tlatishning real vaqt rejimida monitoringini olib borish, yaylov maydonlari chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar bajariladi. Shu bilan birga, hududlarda yaylov urug‘chiligi bazasi tashkil etilib, muhofaza qilish va ulardan maqsadli foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshiriladi. Yaylovlarda ihotazorlar barpo etiladi. 

*** 

Nurafshon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida “Toshkent viloyati hokimi kubogi” uchun musobaqalar bo‘lib o‘tdi. 

Sport ta’lim muassasalari, sport klublari va turli tashkilotlardan belbog‘li kurash bo‘yicha shug‘ullanayotgan sportchilar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz bellashuvlar 5 vazn toifasida 120 dan ziyod saralangan sportchilar o‘rtasida tashkil etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa Parkent tumani, ikkinchi o‘ringa Chirchiq shahri polvonlari loyiq topildi. Uchinchi o‘rinni esa Bo‘ka tumani sportchilari qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlashda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi. 

A.Musayev, O‘zA muxbiri