Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
13:23 / 2024-03-07

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olindi.

Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyat hokimining umumta’lim maktab direktorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ta’lim muassasalarida “Telefonsiz maktab” tizimini joriy etish, telefondan foydalanmaslik taklifi ilgari surilgan edi.  

Angren shahridagi 13- va 17-sonli umumta’lim maktablarida “Telefonsiz maktab” tizimi joriy etiladigan bo‘ldi. Maqsad o‘quvchilarning sifatli bilim olishini ta’minlashdir. Ota-onalar kuzatuv kengashi bilan maktab ma’muriyati hamkorlikda yig‘ilish o‘tkazib, telefondan ta’lim muassasasida umuman foydalanmaslik taklifi ilgari surildi va barcha tomonidan ma’qullandi.  

***  

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i Orifjon Bozorov tomonidan aholi muammolarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida Toshkent tumanida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

Fuqarolar bildirgan murojaatlarning aksariyatida sud qarorlarining ijrosini ta’minlash, aliment qarzdorligi va zarar undirish bo‘yicha masalalar o‘z ifodasini topgan. Jumladan, 3 nafar qarzdor fuqaroning farzandlari ta’minoti uchun aliment undirib berilishi ta’minlandi. Qonunbuzarlarga jazoning muqarrarligi borasida tushuntirishlar berildi.  

Sayyor qabullar joylarda davom etmoqda.  

***  

“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan fuqaro o‘z harakatlari bilan bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgani sababli ikki nafar xolis ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada fuqaroning bel qismi orqa tomonida bojxona nazoratidan yashirilgan, qora rangli maxsus o‘ramda qiymati 82 million so‘mlik, vazni 110,97 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlandi. Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.  

***  

Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan Barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Muloqotlarda tadbirkorlarga 100 ball olish imkonini beruvchi 10 ta umumiy mezon, yana qo‘shimcha 45 ball olish mumkin bo‘lgan rag‘batlantiruvchi, shu bilan birga, kamaytiruvchi mezonlar batafsil tushuntirilmoqda. Xususan, Angren shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga shaxsiy kabinet orqali reytingdagi toifasini muntazam kuzatib borishi, qanday mezonlarga asosan, qancha ball berilgani va kamchiliklarni qanday bartaraf etish haqida batafsil ma’lumot olishi mumkinligi tushuntirildi.  

***  

Viloyat hokimligi huzurida viloyatning byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan Tashqi reklamalarni muvofiqlashtirish bo‘linmasi tashkil qilinadi.  

Bu haqda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori imzolandi. Bo‘linma tashqi reklama va ijtimoiy axborotni joylashtirish sohasini tizimli tartibga solish, mazkur yo‘nalishda qat’iy nazorat o‘rnatish, ijtimoiy axborotni tayyorlash va targ‘ibot jarayonlarini nazorat qilish, ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborotni joylashtirish, tarqatish tartibini belgilash hamda shu singari bir qator vazifalarni bajaradi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri