Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:18 / 2024-02-20

Jamoat xavfsizligi universitetida Toshkent viloyatidagi kuch tuzilmalaridagi harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun “Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi va vazifalari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda Prezidentimizning “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining maqsad va vazifalari, harbiy qismlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yo‘lga qo‘yish samaradorligi kabi mavzular muhokama qilindi.  

Amaliy mashg‘ulotlar hamda psixologik treninglarda ishtirokchilarning bilimi sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasining mohiyati universitet boshlang‘ich tashkilot yetakchisi tomonidan seminar ishtirokchilariga tushuntirildi.  

***  

“Yallama” chegara bojxona post orqali yurtimizda faoliyat olib borayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning nomiga olib kelingan tovarlar yuklangan “Volvo” rusumli avtomashina bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Unda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, qiymati 950 million so‘mlik har xil turdagi tovarlar borligi aniqlandi.  

Ma’lumki, jismoniy va yuridik shaxslar amaldagi tartiblarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tishda o‘zlari bilan olib ketayotgan tovar va moddiy boyliklarni belgilangan me’yorlar asosida ishonchli va to‘g‘ri deklaratsiyalanishi uchun qonun hujjatlarga muvofiq javobgar bo‘ladi. Hozir yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv davom etmoqda.  

***  

Toshkent viloyati hokimi qaroriga asosan Nurafshon shahridagi “Jurnalistlar bog‘i” uchun 840 million so‘m ajratildi. Xususan, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bu yerda suv ta’minotini yaxshilash borasida tizimli ishlar qilinadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur bog‘ning umumiy maydoni 8 gektar bo‘lib, iqlim sharoitiga mos bo‘lgan jami 6 ming 400 tup daraxt ko‘chati ekilgan.  

Kelgusida hududni yanada obodonlashtirish rejalashtirilmoqda.  

***  

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari Quyi Chirchiqda tungi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazdi. Unda Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab chap qirg‘og‘ida elektr qarmoq yordamida noqonuniy usulda baliq ovlanayotgan holat aniqlangan. Huquqbuzarlikni Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi fuqarolar sodir etgani ma’lum bo‘ldi. Jami o‘lja 86 bosh har xil turdagi baliq (shundan 80 bosh tovon, 2 bosh zog‘ora, 4 bosh oq baliq) hamda 1 dona noyob suv kalamushi.  

Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanganda 28 million 628 ming so‘mni tashkil etdi. Qoidabuzarga belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘riladigan bo‘ldi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri