Viloyatning Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida 22 ta tuman-shaharlaridan kelgan yuz nafar yoshlar “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumida ishtirok etdi.
Dastlab ular bilan psixologik suhbat o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi. Angren shahrida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tadigan o‘n kunlik yig‘in doirasida yoshlarga kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik ko‘nikmalari malakali mutaxassislar tomonidan o‘rgatiladi. Shuningdek, mamlakatimizda harbiy, sud-huquq sohalarida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumotlar beriladi.


***
Bekobodda Koreya bilan hamkorlikda chiqindilardan elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda tuman hokimi Shuhrat Do‘stbekov Janubiy Koreyaning “ON-LINE VISA SERVICE” kompaniyasi rahbari Gyo Jin Chu hamda chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis Joo Young Leye, Yon San Guk bilan uchrashdi. Loyiha bo‘yicha aholi punktlarida yig‘ilayotgan chiqindilarni qayta ishlash orqali soatiga 6 ming KVT muqobil elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 75 million dollar investitsiya Koreya tomonidan moliyalashtirish reja qilinmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali hududda qo‘shimcha ravishda sovitkichli omborxonalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va issiqxonalarni energiya bilan uzluksiz ta’minlash, shu bilan birga “Agrologistika” markazni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.


***
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Yangiyo‘l tumani bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi. Unda hududning Samarqand mahallasidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi bo‘yidagi belgilanmagan joyga qurilish chiqindilari to‘kilayotgani aniqlandi. Holatga aniqlik kiritildi va bunga o‘n bir nafar fuqaro avtotransport vositasida qurilish chiqindilarini tashlagani ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va ularga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima choralari qo‘llanildi.

A.Musayev,O‘zA.