Olmaliq shahrida yangi “Nuroniylar maskani” ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda hudud faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Zamonaviy maskanda dam oluvchilar uchun barcha sharoitlar mujassam bo‘lib, dam oluvchilarni qabul qilishga tayyor.
Unda sportning ko‘plab turlari bilan shug‘ullanish imkoni mavjud, shuningdek, kutubxona ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Olmaliq shahrida 14 ming nafardan ziyod keksa nuroniylar yashaydi. Ular uchun ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazish bilan birga, nogironligi bor keksalarga reabilitatsiya vositalari, yakka-yolg‘izlarga oziq-ovqat mahsulotlari, zarur dori-darmonlar tarqatish kabi xayrli ishlar ham yo‘lga qo‘yilgan.


***
“Oybek” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Avtoulovning salonida og‘zaki so‘rovda aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 40 dona “Somnol” nomli psixotrop dori vositalari borligi aniqlandi. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.


***
Viloyatda yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan viloyatdagi sport maktablarini zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash maqsadida 2,5 milliard so‘mdan ortiq 39 turdagi sport anjomlari topshirilmoqda. Birgina Parkent tumani sport maktabiga 110 million so‘mdan ziyod zamonaviy sport jihozlari berildi. Ular orasida badiiy gimnastika, boks, futbol, erkin kurash, stol tennisi va voleybol sport turlarida foydalaniladigan sport anjomlari bor.


***
Toshkent viloyati prokurori S.Eshquvvatov boshchiligida “IT” infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentning tizimga doir videoselektordagi berilgan topshiriqlari yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Barcha sohalarda raqamli iqtisodiyotni joriy etish, “IT” sohasida xorijiy eksportyor kompaniyalarni jalb qilish ahvoli tahlil qilindi.
Shuningdek, joriy yilda “IT PARK” rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini 250 milliard so‘mga, xorijiy buyurtmachilar orqali ko‘rsatilgan eksport xizmatlarini 15 million dollariga yetkazish, raqamli texnologiyalarni jalb qilish kabi vazifalarni bajarish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.


A.Musayev, O‘zA.