Ugom Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududlarida biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda Asosiy e’tibor yovvoyi hayvonlarni qish mavsumidan betalafot olib chiqishdir.
Buning uchun Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan hududlarga jami 28 ming 780 kilogramm tabiiy xashak, 1 ming 370 kilogramm arpa hamda 1 ming 560 kilogramm tuz mahsulotlari tog‘larda yashovchi yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun ozuqa sifatida maxsus joylarga qo‘yib chiqildi. Ma’lumot uchun, ayrim o‘simliklarda hayvonlar tomonidan iste’mol qilinadigan oz miqdorda tuz mavjud. Qishda o‘simliklar va tuproqda yetarli miqdorda tuz bo‘lmagani sababli hayvonlar kerakli miqdordagi vitaminlarni olmaydi. Shu tufayli ko‘rilayotgan choralar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
***
Chirchiq shahrida “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida “O‘zbekiston iftixori” mavzusida davlat mukofoti sovrindorlari hamda sport ustalari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Chirchiq shahar Olimpiya va par olimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sportchilaridan karate bo‘yicha Jahon chempioni sovrindorlari, O‘zbekiston chempionlari hamda sport ustalari Nodir Rixsimov, Firdavs Mardonov, Ozod Ubaydullayev harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashdi.
***
“Yallama” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan “MERSEDES-BENZ SPRINTER 3” nomli yuk avtotransport vositasidagi yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Undagi gilam orasiga yashirilgan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, ruxsat beruvchi hujjatlari bo‘lmagan 1 quti “PIONEER” nomli o‘qlar, optik ko‘rish moslamasi hamda 1 dona pnevmatik vintovka borligi aniqlandi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
***
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi faoliyati takomillashtiriladi. Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishiga muvofiq “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari tajribasini davom ettirib, har haftaning bir kunini “Yoshlar masalalarini yechish kuni”, har 15 kunda ikki kun “Yoshlar bilan ishlash kuni” etib belgilandi. Tuman-shahar hokimliklari va mutasaddi rahbarlar joriy yil davomida yoshlar muammolari bilan tanishib, har oyda bir marotaba mahalliy kengashlar sessiyalarida ularni muhokama qiladi va xalq vakillariga hisobot beradi.
A.Musayev, O‘zA.