Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Singapurning nufuzli kompaniyasi vakillari bilan onlayn tarzda memorandum imzoladi.
Ma’lumki, 2023 yilning 23-25 may kunlari Singapur Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi doirasida “Wilmar International Limited” agrosanoat korporatsiyasi vakillari Toshkent viloyatida oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surgan edi. Kompaniya raisi K.Kuok boshchiligidagi delegatsiya ham 2023 yilning sentyabr oyida viloyatda bo‘lib, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonalarini ko‘zdan kechirgandi.
Hudud salohiyatidan kelib chiqib, bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi. Shu maqsadda viloyat hokimi mazkur korxonaning vakillari bilan tashkil etilgan onlayn muloqotda kelgusi rejalarni amalga oshirishga ahdlashdi. Xususan, 2024-2025 yillarda O‘rta Chirchiq tumani hududida umumiy qiymati 100 million dollar mablag‘ evaziga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.
***
Bojxona organlari tomonidan turli yashirin yo‘llar bilan yurtimizga sifatsiz mahsulotlarni olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi tizimli tarzda kurash olib borilmoqda. Viloyat bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan “Volvo FH” rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan qiymati 53 million so‘mlik parfyumeriya vositalari borligi aniqlandi.
Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Viloyat hokimi Z.Mirzayev Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida mahallalar obodligi borasidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Joriy yilda ham hududlarda “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” mezonlari doirasidagi ishlar davom ettiriladi. Shu munosabat bilan, ayni kunlarda Quyi Chirchiq tumanining Mingchinor hamda Oqqo‘rg‘on tumanining Navbahor mahallalarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Buning uchun tashkil qilingan shtablarda rejadagi vazifalar muntazam nazoratga olingan. O‘rganishlar davomida boshqarma va tashkilot rahbarlari hamda tegishli mas’ullar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, bandligini ta’minlash, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish borasida kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
***
Endi Toshkent viloyatidagi yangi foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlarining bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellari o‘rnatiladi.
Bu haqda Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori imzolandi. Joriy yilning 1 fevralidan “Yashil energiya” axborot tizimi to‘liq ishga tushiriladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri