English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:55 / 2023-12-26

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi raisi Sayyora Fayziyeva boshchiligidagi viloyat ishchi guruhi joylarda yangi yil bayramiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari bo‘yicha o‘rganishlarni davom ettirmoqda.

Mas’ullar asosiy maydon tomoshalari, tayyorlangan badiiy dastur, aholi maroqli dam olishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan tashkilotchilar viloyat hokimining maxsus sovg‘asi bilan taqdirlanmoqda. Xususan, Ohangaron tumani hamda Angren va Olmaliq shaharlarida o‘tayotgan bayram tadbirlarida aholiga ko‘proq qulayliklar yaratilgan. Boshqa hududlarda ham bu boradagi ishlar davom etmoqda. 

*** 

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish tezkor xodimlari, DXX Toshkent shahar boshqarmasi hamda IIB Yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda “Farg‘ona – Ohangaron” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Avtotransport yuk xonasidagi kiyim-kechaklar ostiga yashirilgan fuqaro N.Q.ga tegishli bo‘lgan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qiymati 200 million so‘m bo‘lgan jami 174 ming 108 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Ular ashyoviy dalil sifatida olindi. 

Hozir holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

*** 

Ohangaron shahrida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, viloyat mas’ullari tashrif buyurishdi. Tadbir ishtirokchilari maskandagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maskan barcha qulaylikka ega bo‘lib, sport va turli tadbirlar o‘tkazish uchun sharoitlar mavjud. 

*** 

Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi og‘ir turmush sharoitida yashovchi o‘n ikkita mahallada jami 786 ta uy-joyni ta’mirlash va qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Hududda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm, chorvachilik, bog‘dorchilik va boshqa yo‘nalishlarda jami qiymati 524,5 milliard so‘mlik 35 ta investitsiya loyihasi shakllantirildi. 

Bu haqda Xalq deputatlari Mo‘ynoq tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida ma’lum qilindi. Unda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, deputatlar va faollar ZOOM orqali qatnashdi. 

A.Musayev, O‘zA muxbiri