Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
23:47 / 2023-12-07

Aholini sifatli va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida dori vositalarini va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish faqat dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi. Ammo sifati kafolatlanmagan dori vositalarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirish holatlari uchrab turibdi.

Viloyat bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali qo‘shni mamlakatdan yurtimizga kirib kelayotgan fuqaro bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi. O‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik natijasida fuqaro tanasiga xufiyona yashirilgan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda deklaratsiyalanmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 500 dona “Abmrobene” nomli dori vositasi borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.  

***  

Noyob qushlarni noqonuniy ovlagan huquqbuzar 3 million 400 ming so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ekologiya boshqarmasi hududiy bo‘limi tomonidan Ohangaron tumanida fuqaro D.S. hech qanday ruxsatnomasiz maxsus to‘r yordamida  sayroqi  qushlarni  ovlayotgani aniqlangan.  

Huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasi, 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlik tayinlangan.  

***  

Angren shahrida 1975 yili tug‘ilgan haydovchi J.U. boshqaruvida bo‘lgan transport vositasi Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tekshirildi. Unda 495 ming dona “treniya”, 192 ming dona “britanik” nomli pirotexnika vositasi va 1 ming 800 dona aksiz markasi bo‘lmagan tamaki mahsuloti borligi aniqlandi.

Gumondor shaxs qonuniy chora ko‘rish uchun Angren shahar IIBga topshirildi.  

***  

Soliq xodimlarining samaradorligini baholash uchun “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimi ishlab chiqildi. Undagi ma’lumotlar onlayn ravishda har soatda yangilanadi va shu asosda mahallaga biriktirilgan inspektorlarning oldiga kunlik vazifalar qo‘yiladi hamda natijalar avtomatik ravishda tahlil qilinadi. Mahallaga biriktirilgan soliq inspektorining faoliyati onlayn kuzatilib, samaradorligi (KPI) 21 ta mezon orqali baholab boriladi.  

Toshkent viloyati bo‘yicha joriy yilning avgust-noyabr oylarida 3 ming 36 nafar yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatga olinib, faoliyatini to‘xtatgan 1 ming 337 nafar tadbirkor faoliyati tiklandi. 684 ta korxonada bo‘sh turgan ob’ektlarni ishga tushirish hisobiga 1250 ta ish o‘rni yaratildi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri