Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
22:19 / 2023-11-28

Ohangaron tumanidagi Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 22 ta tuman va shahardan kelgan 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifalaridagi qatnashchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlarida sinovdan o‘tdi.

Yakunda 10-14 yosh toifasida 1-o‘ringa Parkent tumanidan Xadicha Sayriddinova, 15-19 yosh toifasida Chirchiq shahridan Jamoliddin Husanov va 20-30 yosh toifasida Yuqori Chirchiq tumanidan Baxtiyor Qo‘ziyev munosib deb topilib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.  

G‘oliblar Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan taqdirlandi.

***  

“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida tana qismida  yashirilgan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 184 dona  har xil turdagi dori vositasi borligi aniqlandi.  

Hozir mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.  

***

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan 63 nomdagi badiiy adabiyotlar  to‘plami Zangiota tumanidagi 39 ta umumta’lim maktabiga sovg‘a qilindi.  

Bu kabi xayrli ishlar yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini keng targ‘ib qilish, maktab kutubxonalarini yanada boyitishga xizmat qiladi.  

***  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2007-2008 hamda 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha sport ustasi Aziz Saidov xotirasiga bag‘ishlangan III xalqaro Samuray turniri bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz sportchilaridan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Yaman davlatlaridan 350 nafarga yaqin yosh dzyudochi g‘oliblik uchun kurashdi. Musobaqa yakunida g‘oliblar munosib taqdirlandi.  

Toshkent viloyati dzyudo federatsiyasi tomonidan mazkur xalqaro turnirni tashkil etish hamda uni yuqori saviyada o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bir qator rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilariga tashakkurnomalar topshirildi.

A.Musayev, O‘zA muxbiri