French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:13 / 2023-11-24

Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov Xitoy Xalq Respublikasi Gansu provinsiyasi delegatsiyasini qabul qildi. Gansu provinsiyasining Dunxan shahri va Chirchiq shahri o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatib, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Chirchiq shahrida avtomobilsozlik va choy ishlab chiqarish, ta’lim sohalarida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Delegatsiya vakillari shahardagi 18-maktabga ham borib, bolalarga xitoy tilining o‘qitilishi va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

***  

Toshkent viloyati prokuraturasi, MIB, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, tuman (shahar) sektor rahbarlari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent hududiy filiali hamda “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda byudjet daromadlarining prognozi, qish mavsumiga tayyorgarlik, energiya resurslardan oqilona foydalanish ahvoli tahlil qilinib, viloyat, tuman (shahar) shtablarining hisobotlari tinglandi.  

Qish mavsumining betalafot o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 115,3 milliard so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroji bilan bog‘liq 4 mingdan ortiq holat fosh etilgan. Ular bo‘yicha 3,5 mingga yaqin ma’muriy, 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yetkazilgan zararning 69 milliard so‘mi undirilgan, 21,7 milliard so‘mlik mol-mulk xatlangan.  

***  

Ijtimoiy tarmoqlarda Parkent tumanidagi to‘yda guruh-guruh bo‘lib harakatlangan avtomashina haydovchilari aks etgan videodagi holat Toshkent viloyati IIB  Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan o‘rganildi. Ushbu holatda “Malibu” va 4 ta “Lasetti 2” rusumli transport vositalari haydovchilari guruh-guruh bo‘lib, boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bergan. Ushbu holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.  

***  

Piskent tumanida “Tadbirkorlar xiyoboni” foydalanishga topshirildi. Prezidentimizning 2023 yil 23 yanvardagi “Savdo - sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga asosan endi hududda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash choralari ko‘riladi. Buning uchun mazkur maskanda tadbirkorlar, bank vakillari, investorlarning biznes loyihalarini muhokama qilish, tadbirlar o‘tkazish, kovorking faoliyati uchun sharoit yaratilgan.  

A.Musayev,

O‘zA muxbiri