Yuqori Chirchiq tumani markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi xiyobonda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan "Til bor ekan, millat barhayot " mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, viloyat hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi xodimlari, hudud faollari va yoshlar qatnashdi.


Dastlab tadbir ishtirokchilari buyuk alloma haykali poyiga gul qo‘ydi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulki ekani, shu sababli ona tilimizni asrab-avaylab, boyitishimiz va avlodlarga sofligicha yetkazish kerakligini ta’kidladi. O‘zbek tilini madh etuvchi she’rlari o‘qildi.
***
Chirchiq davlat pedagogika universiteti mezbonlik qilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan stritbol musobaqasining Toshkent viloyati bosqichi yakunlandi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rin O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ikkinchi o‘rin Chirchiq davlat pedagogika universiteti va uchinchi o‘rin esa TDTU Olmaliq filiali jamoalariga nasib etdi.
Shuningdek, qiz bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent iqtisodiyot va pedagogika instituti va uchinchi o‘rinni Chirchiq davlat pedagogika universiteti jamoalari qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar Toshkent viloyati Yoshlar siyosati va sport boshqarmasining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Yo‘l-transport hodisalariga asosan piyodaning belgilanmagan joydan o‘tishi yoki to‘siqlardan sakrab o‘tayotgani sabab bo‘lmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan "Diqqat, piyoda!" tadbirida bu kabi qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan piyodalarga chora ko‘rilmoqda.

Birinchi galda joylarda piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirayotgan nosoz svetoforlar aniqlanib, nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Chinoz tumanida esa umumta’lim muassasalarida bolalar uchun profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Unda YTHlarning oldini olish, bolalarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha nazariy bilimlar berildi.
Bu boradagi ishlar davom etyapti.
A.Musayev, O‘zA muxbiri