Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimligi mas’ullari Jahon bankining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha delegatsiyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuvda asosiy e’tibor viloyatda, ayniqsa, qishloq hududlarida tadbirkorlikni va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalariga qaratildi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hududlarda oilaviy tadbirkorlikning bugungi holati hamda hudud iqtisodiyotida tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar berdi. Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha hududlarda guruhlar tuzilib, ular tomonidan barcha mahallalarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq tumanlarida aholi punktlarining qiyofasini tubdan yangilanadi. Yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etiladi.
***
Yangiyo‘l tumanida milliy qadriyatlarimizni ommalashtirish maqsadida “Xonatlas” festivali o‘tkazildi. Gulbahor shaharchasining markaziy ko‘chasida milliy libos kiygan xotin-qizlar yurish marafonida qatnashdi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida “Xonatlas mening milliy libosim, ko‘rkim” nomli milliy liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Buvijonlarimiz o‘giti barchaga ibrat” mavzusidagi mushoira qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida “Eng sochi uzun qiz” va “Bayramona osh” nominatsiyalari bo‘yicha ham tanlov o‘tkazildi. Hududdagi 5-sonli musiqa maktabining o‘quvchi yoshlari ishtirokidagi qo‘shiq va raqslar tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Barcha nominatsiya ishtirokchilariga viloyat hokimi o‘rinbosari Z.Mirgaziyeva hamda tuman hokimi O.Ataullayev tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘g‘il-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan ishlar tizimli davom etmoqda. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov Piskent tumanidagi “Birlik” MFY yoshlar yetakchisi, “Yetakchiga ko‘mak” guruhi a’zolari bilan birga uyma-uy yurib yoshlar muammolarini o‘rgandi. Muloqotda piskentlik yoshlardan Azizjon To‘lqinov yoshlarni sportga jalb qilish maqsadida to‘garak tashkil etish uchun subsidiya asosida sport anjomlarini olishda yordam so‘radi. Tashkilotchilar tomonidan unga amaliy yordam beriladigan bo‘ldi. Yana bir migratsiyadan qaytgan Farhod Yusupov qurilish asbob-uskunalari olishda yordam so‘radi. Uning murojaati ham nazoratga olindi.
A.Musayev,O‘zA muxbiri.