Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonovning ma’lum qilishicha, viloyatda “Yetakchilarga ko‘mak” guruhi tashkil etildi.
Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida bo‘lgan uchrashuvda hududlarda faoliyat olib borayotgan eng faol yoshlar yetakchilaridan iborat 30 kishilik guruh tashkil etishga kelishib olindi hamda amalga oshiriladigan ishlar rejasi haqida axborot berildi. “Yetakchilarga ko‘mak” guruhi mahallarda yurib, yoshlar yetakchilarining tashkiliy va hujjat ishlariga ko‘maklashadi hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar yuzasidan yordam beradi.
***
Prezidentimizning tashabbusi bilan shahar-tuman hokimlari har oyda profilaktika inspektorlari bilan uchrashib, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida muammolarni hal etish choralarini ko‘rish belgilangan edi. Shu maqsadda muntazam ravishda Toshkent viloyat hokimi va profilaktika inspektorlari uchrashuvi tashkil etib kelinmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Yangiyo‘l tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori Sirojiddin Eshquvvatov, viloyat IIBB boshlig‘i Tohir Aripov va IIBB boshlig‘i maslahatchisi Sayfulla Asadov hamda 300 nafarga yaqin profilaktika inspektori qatnashdi. Tadbir avvalida xizmat vazifasini vijdonan bajarib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda jinoyatchilikning oldini olishda jonbozlik ko‘rsatgan namunali inspektorlar alohida e’tirof etildi.
Viloyat hokimi yig‘ilishda ko‘tarilgan muammolarning deyarli barchasi o‘rinli ekanligini ta’kidlab, ijrosi nazoratga olinganini, ayrim muammolar yuzasidan qonun chiqaruvchi organlarga taklif kiritilishini ma’lum qildi.


***
Tovar moddiy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatimizga olib kirishga urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli tarzda kurash olib borilmoqda. Xususan, viloyat bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvidagi kirib kelgan “Volvo FMFH” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona yuk deklaratsiyasi va yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlari asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Uning hujjatlarida ko‘rsatilmagan qiymati salkam 773 million so‘m bo‘lgan jami 121 nomdagi turli kiyim-kechak, avtoulov ehtiyot qismlari va boshqa tovar- moddiy boyliklari borligi aniqlandi. Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

A.Musayev, O‘zA muxbiri