Toshkent viloyatidagi bir guruh mehnat faxriylari va nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasi arafasidagi bu mukofot ularga katta sovg‘a bo‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga tantanali topshirdi.
***
Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qism xizmatchilari uchun 24 ta oilaviy xizmat xonadonlari foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda soha vakillari hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari qatnashdi. Mehmonlar yangi xonadonlarni ko‘zdan kechirdi.


***
Ohangaron tumanida oila mustahkamligini ta’minlash va ajrimlarning oldini olish mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyatdagi 22 ta shahar-tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Adliya bo‘limi boshliqlari, respublika huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari, Ohangaron tumani sektor rahbarlari, tuman mahallalaridagi “beshlik”lari ishtirok etdi. Hududda oila mustahkamligini ta’minlash va ajrimlarning oldini olish bo‘yicha bir qator ijobiy natijalarga erishilganligi inobatga olinib, Toshkent viloyatida, keyinchalik esa butun respublikamizda o‘ziga xos “Ohangaron tajribasi”ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi.

Bu borada Ohangaron tumanida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, “Yangiobod” MFY oila va xotin-qizlar faoli faoliyati, tuman Adliya bo‘limi rahbari Bahriddin Jo‘rayev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yo‘riqnomasi ishtirokchilarga taqdim etildi.
Aytish mumkinki, Ohangaron tumanida 34 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, jami aholi soni 107 ming 300 nafarni, oilalar soni esa 28 ming 601 tani tashkil etmoqda. O‘rganishlar davomida tumanda 210 ta nizoli oila aniqlangan bo‘lib, shundan mahallada murojaatlari ko‘rilganlari 60 tani, FHDYO bo‘limiga nikohdan ajralish uchun murojaat qilganlari 44 tani, sudga murojaat qilgan oilalar soni esa 106 tani tashkil etadi.

Mavjud muammolar tahlil qilinganda, nizolarning asosiy sabablari sifatida bir-birini tushunmaslik, oilaviy munosabatlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, turmush qurish qoidalariga amal qilinmagani, o‘zaro hurmatning yo‘qolganligi, mas’uliyatsizlik, ishsizlik kabilardir.
A.Musayev,O‘zA.