Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:36 / 2023-08-21

Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan kurash olib borilmoqda. Yurtimizga o‘tish uchun “Yallama” chegara bojxona postiga kelgan “Isuzu” rusumli yuk avtoulovi bojxonachilar nazoratidan o‘tkazildi. Uning yukxonasida yo‘l yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan qiymati 306 million so‘mlik 1 ming 800 dona “WAKA Smash” nomli elektron tamaki mahsulotlarini qayta sotish maqsadida olib kelayotgani aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.  

***  

Zangiota tumanida “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun!” shiori ostida Respublika “Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining Toshkent viloyat bosqichi o‘tkazildi.  

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan bellashuvlarda barcha tuman-shaharlardan saralangan yoshlar qatnashdi.  

Yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin Ohangaron tumani 1-sonli kasb-hunar maktabining “Energetik” jamoasiga nasib etdi.  

***  

Bo‘ka tumani “Ezgulik” mahallasida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirida to‘rt mingdan ziyod aholi vakillari ishtirok etdi. Toshkent viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, yoshlar ishtirokida sport musobaqalari tashkil etildi. Shuningdek, harbiy orkestr, faxriy qorovul chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.  

***  

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasi munosabati bilan Bekobod tumanidagi harbiy xizmatchilar uchun xizmat uylari qurib, foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda tuman hokimi Sh.Mirzayev va sektor rahbarlari 30 nafar harbiy xizmatchilarning oilalariga zamonaviy, shinam, barcha sharoitlarga ega xonadonlarning kalitlari topshirildi. Shuningdek, harbiy qism ma’muriy binosining ochilishi marosimi ham bo‘lib o‘tdi.  

***  

Viloyatdagi hokim yordamchilari uchun “Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn seminarga start berildi. Unda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi xodimlari, hududiy bo‘lim rahbarlari hamda 1025 mahallaning hokim yordamchilari qatnashmoqda. Maqsad ishtirokchilarga Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tajribasini o‘rganishdir.  

A.Musayev, O‘zA.