Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:02 / 2023-08-04

Toshkent viloyati Piskent tumanida Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirildi. Bino barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda kutubxona, tadbirlar zali mavjud. Bundan tashqari, yoshlar uchun keltirilgan kitoblar ta’minotiga tegishli tartibda 50 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Ohangaron shahar hokimi Akrom Eshonqulov hududda futbol maktablari faoliyatini rivojlantirish va yoshlarni qamrab olish borasida amaliy ishlarni boshladi. Endilikda muntazam ravishda har bir mahallada futbol o‘yinlari o‘tkaziladi. Jamoalar orasidan eng iqtidorli o‘yinchilar saralanadi va futbol jamoasi shakllantiriladi.  

Mazkur jarayonda hududdagi BO‘SM faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Ayniqsa, sport murabbiylariga zarur sharoit yaratiladi. Mazkur sa’y-harakatlar Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda sport sohasini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshirig‘i ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.  

***  

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda qo‘mitaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Zuhra Mirgaziyeva Ohangaron tumanida bo‘lib, oila masalalari, yoshlar bilan ishlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.  

Shuningdek, Ohangaron tumani hokimi Abdurasul Abdullayev hududdagi mas’ullar bilan birga oilaviy ajrimlarni kamaytirish, sud, FHDYO bo‘limlari bilan hamkorlikdagi ishlar haqida axborot berdi.  

***  

Viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 125 ming nafardan oshdi. Hududlar bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilganlar Yangiyo‘l tumanida 8 ming 958 nafar, Toshkent tumani 8 ming 135 nafar, Bekobod tumanida 7 ming 820 nafar, Zangiota tumanida 7 ming 717 nafar, Yuqori Chirchiq tumanida 7 ming 180 nafarni tashkil etadi. Soliq organlari xodimlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida viloyatning eng chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda.  

A.Musayev, O‘zA.