Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev O‘rta Chirchiq tumanidagi bir qator usta hunarmandlarning oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishdi. Xususan, “Bunyodkor” mahallasida bugungi kunda 10 dan ortiq ishsizlarni band qilgan oilaviy tadbirkor Qosimov xonadonida bo‘ldi.
Mahsulotlari ichki bozorda xaridorgir tadbirkorning faoliyatini ko‘zdan kechirar ekan, “ustoz-shogird” maktabi bilan ham tanishdi. Ibn Sino mahallasidagi hunarmand G‘ulom Karimov ham viloyat rahbari bilan muloqotda kelgusida faoliyatini rivojlantirishda qo‘shimcha mablag‘ zarurligini ta’kidladi. O‘rganishlar davomida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yil boshidan buyon o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida 3 ming 268 nafar shaxslarga nisbatan jami 1 milliard 586 million 615 ming so‘mlik jarima qo‘llanilgan. Joylarda tabiatga yetkazilgan 1 milliard 142 million 812 ming so‘m zarar undirilishi ta’minlangan. Noqonuniy chiqindilarni tashlagani uchun 1 ming 202 nafar huquqbuzarlarga nisbatan 279 million 552 ming so‘m ma’muriy jarimalar undirilgan.
***
Hokimning tegishli farmoyishiga asosan ko‘p qavatli uy va jamoat binolarining yer to‘la va yarim yer to‘la qavatlarida joylashgan ko‘ngilochar shoxobcha, klub, bar va boshqa muassasalarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Ob’ektlarni taftishdan o‘tkazish davomida yong‘in xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etilgani aniqlandi. Ko‘p qavatli uylar muhandislik kommunikatsiyalarining to‘g‘ri bajarilgani, gaz-elektr uskunalari va jihozlarining montaj ishlari to‘g‘ri qilingani tekshirildi.
Aniqlangan kamchiliklar tegishli tartibda bartaraf qilinmoqda.
***
Qibray tumanida yoshlar bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozir hududda 14-30 yoshdagilar soni 38 ming 408 nafarni tashkil etsa, ulardan 1 ming 350 nafari “Yoshlar daftari” ga kiritilgan. Joriy yilda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan daftarga kiritilganlardan 549 nafarining bandligi ta’minlandi. O‘z hunarmandchiligini yo‘lga qo‘yish uchun 20 nafar yigit-qizga zarur asbob-uskuna va mehnat qurollari berildi. Bundan tashqari, 173 nafar talabaga o‘qiyotgan oliygohiga to‘lov kontrakt to‘landi. Bu boradagi ishlar davom etyapti.
A.Musayev, O‘zA.