Shu kunlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari bir guruhi mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Mehmonlar Oqqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasida bo‘lib, O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ular tuman soliq inspeksiyasi va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar, yo‘lga qo‘yilgan avtomatlashtirilgan elektron hujjat almashishi tizimi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Barcha savollarga soliq tizimi mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
***
Shu kunlarda mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Jumladan, Chirchiq shahridagi mahallarda tashkil etilgan o‘rganishlar natijasida 400 dan ortiq yoshlar bandligini ta’minlashga zarurat borligi aniqlangan. Mazkur hududda yoshlar orasida jinoyatchilik 70 foizga oshgani qayd etilgan. Yoshlar muammolarini tizimli hal etish va ularga amaliy yordam berish maqsadida, bugun mazkur shaharda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda o‘ttizdan ziyod tashkilot va korxonalar uch yarim mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etmoqda.
Jarayonlarda ishtirok etayotgan yoshlarning 100 nafari bilan kunning birinchi yarimida ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomalari imzolandi.
***
4R24 “Chinoz sh. – Do‘stobod sh. – Oqqo‘rg‘on sh. – A373 avtomobil yo‘li”ning Oqqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan ayrim qismlari ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi. Qishning sovuq va nam kelishi, shuningdek, og‘ir yuk avtomashinalarining qatnovi yo‘lning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bois bu yilgi dasturga mazkur avtomobil yo‘lining 36-40 kilometri va 47-52 kilometr oralig‘ini joriy ta’mirlash ishlari kiritilgan. Ayni kunlarda “Qamchiq avtoyo‘l” IYFUK tomonidan mazkur ob’ektlarda pudrat ishlari bajarilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.