Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:35 / 2023-06-14

Toshkent viloyatida “Yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish” faoliyati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar 13892 nafarga yetdi. Prezidentning 2022 yil 7 iyuldagi qaroriga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxirigacha haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni tashuvchilar o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. Mazkur yo‘nalishda 2023 yilning 12 iyun holatiga eng ko‘p o‘zini o‘zi band qilganlar hududlar orasida Yangiyo‘l, Qibray tumanlari va Chirchiq shahri eng yuqori natija ko‘rsatgan.

***

Shu kunlarda hududlarda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shoiri ostida yoshlar sayllari o‘tkazilmoqda. Navbatdagisi Bekobod tumani hamda Yangiyo‘l shahrida tashkil etildi. Erta tongdan “Salomatlik uchun 5000 qadam” aksiyasi, shuningdek, tadbir doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini, yoshlar tibbiy ko‘rigi, shaxmat musobaqasi, “Hokim va yoshlar” uchrashuvi, “DXX kubogi” musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash marosimlari ham bo‘lib o‘tdi. Tantanalarda so‘z olganlar yoshlarni bayram bilan muborakbod etdi.  

***

Viloyatda atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini amalga oshirish uchun joriy yil 42  avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi. Bu haqida viloyat hokimining qarori qabul qilindi. Jumladan, Bekobod va Chirchiq shaharlarida 4 ta, Olmaliq, Angren shaharlari va Zangiota tumanida 3 ta, Ohangaron, Yangiyo‘l, Nurafshon shaharlari va Qibray, Parkent tumanlarida 2 ta, qolgan hududlarda esa bittadan shunday stansiyalar o‘rnatish belgilangan.  

***

Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Cluster” ko‘p tarmoqli klasterining yana 50 gektariga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.  

Klaster tomchilatib sug‘orish bo‘limi boshlig‘i Abror Farmonovning aytishicha, an’anaviy sug‘orish usulidan bosqichma-bosqich voz kechilib, tomchilatib sug‘orishga o‘tiladi. Shu maqsadda o‘tgan yillarda 1 ming 200 gektardan ortiq maydonga ushbu texnologiya tatbiq qilindi. Chunki ushbu texnologiya tufayli suv bilan birgalikda, zaruriy o‘g‘itlar ekinning ildiz qismiga uzatib beriladi. Natijada suv va o‘g‘it sarfi keskin kamayib, paxta hosildorligi o‘rtacha 30 foizgacha ko‘tariladi. Shu kabi afzalliklar tufayli joriy yilda yana 450 gektar maydon tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

A.Musayev,O‘zA.