Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati va Polsha davlati o‘rtasida hamkorlik kengayadi
14:01 / 2026-01-22

Prezidentimiz raisligida joriy yil 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida amaliy harakatlar davom etmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Varshava shahridagi elchixonasi ko‘magida Toshkent viloyati hokimining yordamchisi Dilshod Rasulovning Polsha Respublikasiga safari tashkil etildi. Unda Polsha Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy markazi (Krajowy Ośrodek Wsparcia Rolnictwa – KOWR) bosh direktori o‘rinbosari Lusian Zvolak bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Muzokaralar chog‘ida tomonlar 2025 yil 26-28 noyabr kunlari Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloqni rivojlantirish vaziri S.Krayevski boshchiligidagi hamda “KOWR” bosh direktori X.Smolarj ishtirokidagi biznes delegatsiyaning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini yuqori baholadi. Uchrashuvda mazkur tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish, saqlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

Shuningdek, agrosanoat sohasida kooperatsiyani chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda logistika zanjirlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Safar davomida O‘zbekiston uchun ajratilgan logistika markazining amaliy imkoniyatlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi. 

Mazkur infratuzilma O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga tezkor va samarali yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Safar doirasida, shuningdek, Podkarpat voyevodligida faoliyat yurituvchi nufuzli “Impel Group”, “Liderzy Nieruchomosci”, “Dreyzac”, “Brigante”, “Yoshi Innovation” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlarda Toshkent viloyatida sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda investitsiya uchun ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. 

Xususan, mamlakatning olis hududlarida gazdan barqaror elektroenergiya ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy tibbiy klinikalarni barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Muzokaralar yakunida mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlash, investitsiya loyihalarini joyida o‘rganish hamda aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2026 yil fevral oyida Polsha kompaniyalarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz elchixonasida “Polsha – Osiyo” Savdo palatasi Prezidenti Yanush Pexochinskiy bilan mazmunli va samarali uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, polshalik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Janob Yanush Pexochinskiy boshchiligida Polsha kompaniyalarining O‘zbekistonga, xususan, Toshkent viloyatiga biznes-missiyasini tashkil etish muhimligi alohida ta’kidlandi. Ushbu tashrif doirasida aniq investitsiya loyihalarini muhokama qilish, mahalliy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish hamda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish rejalashtirildi. 

Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, baliqchilik va parrandachilik uchun ozuqa tayyorlash sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. 

A.Musayev,O‘zA.